O‘zbekiston | 17:26 / 30.01.2016
4064
3 daqiqa o‘qiladi

TDAUda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda zamonaviy mutaxassislarning o‘rni muhokama qilindi

Toshkent davlat agrar universitetida “Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishda zamonaviy mutaxassis-kadrlarning o‘rni va roli” mavzusidagi amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Amaliy muloqotda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilshod Shoumarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati To‘lqin Eshnazarov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Yuridik shaxslarga soliq solish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Akromxo‘ja Mamadaliyev, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklarining investitsiya portfelini monitoring qilish departamenti direktori o‘rinbosari Otabek Azimov, bir qancha tajribali fermerlar va universitet talaba-yoshlari qatnashishdi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, bugungi kunga kelib ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari soni ko‘payib, 38 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Ular endi nafaqat dehqonchilik yoki chorvachilik bilan shug‘ullanmoqda, balki o‘zi yetishtirgan xom ashyolarni qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida bozorga chiqarishmoqda, qolaversa, tashqi bozorga ham eksport qilmoqda, qurilish ishlarini amalga oshirib va qishloq aholisiga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan kelib chiqib, bugun ushbu sohada taxsil olayotgan yoshlar oldiga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallash, yangi texnika va texnologiyalarni o‘zlashtirib, innovatsiyalarni qo‘llay olish kaba talablar qo‘yilmoqda.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar xarakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bir qator tashkilotlar hamkorligida yoshlarni ish bilan ta'minlash, tadbirkorlik va fermerlikni rivojlantirish uchun barcha kuchlarni safarbar etgan holda qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan oliy ta'lim muassasalari va kasb-hunar kollejlari talablarining ushbu sohaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning nazariy va amaliy bilimlarini boyitishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. “Diplom bilan biznesga”, “Ishbilarmon talaba”, “Kelajak fermeri”, “Yosh fermer” kabi loyihalar shular jumlasidandir.