Jahon | 20:12 / 30.01.2016
10370
2 daqiqa o‘qiladi

Uchuvchilar uchun eng murakkab aeroportlar ro‘yxati chop etildi

Britaniyaning The Telegraph nashri 4 qit'a: Osiyo, Afrika, Yevropa va Janubiy Amerikaning aeroportlari kirgan uchuvchilar uchun eng murakkab aeroportlar ro‘yxatini chop etdi.

Jumladan, ushbu ro‘yxatdan Butan qirolligidagi Paro aeroporti joy oldi. Bu aeroport uchish-qo‘nish uchun eng murakkab aeroportlardan biri hisoblanadi. Aeroport Himoloy tog‘lari bilan o‘ralgan vodiyda joylashganligi bois, uchuvchilar tog‘lar orasida uchib yurishlariga va tez pastlashlariga to‘g‘ri keladi.

Nashr, shuningdek, Lesotodagi Matekane aeroportini ham eslab o‘tdi. Bu aeroportning uchish-qo‘nish polosasi bor-yo‘g‘i 400 metrni tashkil qiladi, polosaning oxiri esa 600 metrlik jarlik chekkasida joylashgan.

Eng xavfli aeroportlar qatoriga Avliyo Martin orolidagi Malika Yuliana aeroporti ham kiritildi. Uning uchish-qo‘nish polosasi Maxo plyajiga juda yaqin joylashgani sabab samolyotlar qo‘nayotganlarida plyajdagi odamlarning ustidan 10 metr balandlikda uchib o‘tadi.

Uchuvchilar uchun yana bir dahshat soluvchi aeroportlardan biri Madeyra orolidagi aeroport hisoblanadi. Aeroportning uchish-qo‘nish polosasining yarmi 150 ta temirbeton ustunlar ustida turadi.

Ushbu ro‘yxatga, shuningdek, Shotlandiyadagi Barra va Fransiyadagi Kurshevel aeroportlari ham kiritildi. Barra aeroporti plyajda joylashgan bo‘lib, suv ko‘tarilishi sababli vaqti-vaqti bilan o‘z ishini to‘xtatishiga to‘g‘ri keladi. Kurshevel aeroportining uchish-qo‘nish polosasi 18,5 graduslik burchak ostida qiya holda joylashgan bo‘lib, bu yerda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan uchuvchilargina ucha oladilar.

Gibraltar xalqaro aeroporti

Barra aeroporti, Shotlandiya

Madeyra aeroporti

Narsarsuak aeroporti, Grenlandiya 

Tentsing-Xillari aeroporti, Lukla, Nepal 

Shahzoda Yuliana xalqaro aeroporti, Sent Maarten

Antarktida

Juancho Ye. Yrausquin aeroporti, Saba

Matekane aeroporti, Lesoto