10:46 / 04.02.2016
2132

BMT London konferensiyasida suriyaliklar uchun 9 mlrd dollar yordam mablag‘i yig‘ilishiga umid qilmoqda

BMT Suriyadagi urush jabrlanuvchilarga ko‘mak ko‘rsatish masalalarini ko‘rib chiqish uchun 4 fevral kuni ochiladigan London konferensiyasida suriyaliklar uchun yordam sifatida 9 mlrd dollar miqdoridagi mablag‘ yig‘ib berilishiga umid qilmoqda. Bu haqda BMT bosh kotibi vakili Farhon Haq jurnalistlarga ma'lum qilgan.

"Biz 9 mlrd dollar yig‘ib berishga chaqiramiz. Bilamiz, bu ko‘p. Biz tushunamiz, hozirda ko‘p davlatlarda iqtisodiy pasayishlar kuzatilmoqda. Lekin u yerdagi (Suriyadagi) kishilarning muhtojligi ham juda og‘ir darajaga yetgan", deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat o‘z ishini ikki yo‘nalishda olib bormog‘i lozim.

"Birinchidan, mintaqadagi aholi uchun insonparvarlik yordamlarini moliyalashtirishni kuchaytirishimiz kerak. Ikkinchidan esa, mintaqadagi notinch vaziyatni bartaraf etish uchun muzokaralar o‘tkazilishi kerak. Londondagi konferensiyada va Jyeneva muzokaralarida asosiy masalalar shu bo‘ladi. Biz ikki yo‘nalishda ham jadal harakatlanishimiz zarur", degan bosh kotib vakili.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Suriyadagi uylarini urushlar tufayli tashlab ketganlarga yordam ko‘rsatish uchun 2016 yilda kamida 8,4 mlrd dollar sarflanishi kerak bo‘ladi. Ayni vaqtga kelib bu miqdorning 3,4 mlrd dollarlik qisimi to‘plangan.

Bundan oldinroq, BMT bosh kotibi Pan Gi Mun mamlakatlarni Suriya xalqi taqdiriga befarq bo‘lmaslikka chaqirgandi. Londonda bugun o‘tkaziladigan konferensiya tashkilotchilari BMT, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kuvayt va Norvegiya hisoblanadi. Konferentsiya qirollikning Kembrij universitetida o‘tkaziladi.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Suriyaning 18ta tumanida jami 480 ming kishi qamal sharoitlarida yashamoqda. Ularning 274 ming nafarga yaqini yashaydigan hududlar Suriya armiyasi qamalida qolgan. 200 mingga yaqin suriyalik esa IShID asoratida, boshqa terrorchi guruhlar nazorati ostidagi hududlarda 12,5 ming atrofidagi suriyalik yashaydi. O‘tgan yili insonparvarlik tashkilotlari Suriyada qamalda yashayotganlarning 5 foizlik qismigagina yordam yetkazib bera olgandi.

Top