17:26 / 04.02.2016
2859

Toshkentda "Umra-2016" guruh rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi

4 fevral kuni Toshkentdagi "Shayx Zayniddin” jome masjidida “Umra-2016” bahorgi mavsumi bo‘yicha guruh rahbarlari ishtirokidagi dastlabki yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limi xabar bergan.

Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas'ul xodimlari M.Yo‘ldoshev, D.Babadjanov, O‘MI Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri M-A. Shakirov, O‘MI Masjidlar bo‘limi xodimi M.Kamolov va guruh rahbarlari ishtirok etishdi.

Tadbirda, dastlab M.Yo‘ldoshev guruh rahbarlarini ushbu sharafli va mas'uliyatli vazifa bilan qutlab, ularni guruh rahbarligi qonun-qoidalari, burch va mas'uliyatlari bilan tanishtirib o‘tdi hamda umra ibodati ruknlari, umra safariga boruvchi ziyoratchilar bilan o‘tkaziladigan yig‘ilishlar tartibi, unda e'tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar, safarga jo‘nab ketish hamda Saudiya Arabistonidagi tashkil qilinadigan ishlarning ellikboshilarga taalluqli bo‘lgan taraflarini atroflicha yoritdi.

So‘ngra, M-A. Shokirov so‘zga chiqib, safarga doir hujjat ishlarida nimalarga e'tibor qaratish lozimligini tushuntirib berdi. Shuningdek, guruhdagi ziyoratchilar bilan ishlash davomida ularning pasport va boshqa hujjatlarini yuritish qoidalari borasida ham alohida to‘xtaldi.

Yig‘ilish so‘ngida, guruh rahbarlari tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob berildi.

Yig‘ilishning davomi respublikaning bir qator viloyatlarida ham bo‘lib o‘tishi aytilgan.

Top