06:59 / 05.02.2016
12624

Dunyodagi eng nochor iqtisodga ega davlatlar ro‘yxatida Venesuela birinchi bo‘ldi

Bloomberg agentligi dunyoning "eng nochor" iqtisodiyotga ega davlatlar ro‘yxatini chop etdi. Agentlik bu ro‘yxatni 63 davlat haqidagi ma'lumotlar asosida tayyorladi. Nochorlik indeksi (Misery Index) bu ishsizlik va inflyatsiya darajasi hisobga olinadigan ko‘rsatkichdir.

2015 yilda "eng nochor" davlat Venesuela bo‘ldi. 2015 yilda bu mamlakatda inflyatsiya 98,3 foizni, ishsizlik 6,8 foizni tashkil qildi. 2016 yilda mamlakatda inflyatsiya 152 foiz, ishsizlik 7,7 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

2-o‘rinni 57,8 punkt bilan Ukraina egalladi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Ukrainada inflyatsiya 43,3 foizni, ishsizlik 9,4 foizni tashkil qilgan. 2016 yilda Ukrainaning nochorlik indeksi 26,3 punktgacha tushishi, ya'ni iqtisodiyoti Venesuela, Argentina, JAR va Gretsiyanikidan yaxshilanishi prognoz qilinmoqda.

Beshta eng nochor iqtisodiyotga ega davlatlar qatoridan shuningdek Argentina, JAR va Gretsiya o‘rin oldi.

MDH davlatlaridan Rossiya 7-o‘rinni, Qozog‘iston 9-o‘rinni egalladi. 2016 yilda bu davlatlar mos ravishda 14- va 10-o‘rinni egallashi prognoz qilinmoqda.

2016 yilda bu borada Argentina 2-o‘rin, undan keyingi o‘rinlarni JAR, Gretsiya, Ukraina, Ispaniya, Serbiya, Turkiya, Braziliya va Qozog‘iston egallashi prognoz qilinmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, eng maqbul iqtisodiy vaziyat AQSh, Malayziya, Ruminiya, Buyuk Britaniya, Gonkong, Daniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Tayvan va Yaponiyada kuzatilmoqda.

2016 yilda "Eng kam miqdorda nochor iqtisodiyotga ega" davlatlar Shveytsariya, Singapur va Tailand bo‘ladi.

Top