20:11 / 05.02.2016
5573

Spektakl vaqtida dorga osilib qolgan aktyor o‘ziga kelmay vafot etdi

Italiyada "Saroblar" spektaklida bosh qahramon rolini ijro etgan, spektaklda o‘zini dorga osish sahnasida haqiqatan dorga osilib qolib komaga tushib qolgan aktyor Rafael Shumaxer o‘ziga kelmay vafot etdi. Bu haqda OAVlar xabar bermoqda.

Avval xabar berilganidek, bu fojia Piza shahridagi Lux teatrida yuz bergan. Teatrga kelgan tomoshabinlardan biri aktyor bilan nimadir noxush holat yuz berayotganini payqab, unga yordam berishga oshiqqan. 27 yoshli aktyor hushsiz holatda shifoxonaga yetkazilgan. Aktyor shu tariqa o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin, degan ehtimol ham bildirilgan, chunki u hech kimni ogohlantirmasdan spektakl bosh qahramoni o‘ziga o‘q uzish bilan joniga qasd qilish sahnasini dorga osish bilan almashtirgan.

Aktyorning ahvoli borgan sari yomonlashib boravergan, u tomondan davolash muolajalariga hech qanday aks javob bo‘lmagan va shifokorlar bemorning ahvoli og‘irligi va miyasi ortga qaytarib bo‘lmas jarohat olganini ehtimol qilishgan.

4 fevralda shifokorlar aktyorning o‘limini qayd qilish uchun 6 soat davomida muolaja o‘tkazishgan. Shundan keyin aktyorning yaqinlari va mahalliy prokuratura vakillari aktyorning tana a'zolarini donorlik uchun olinishiga ruxsat berishgan. Aktyorning onasi va yaqin do‘stlari uning o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishini istisno qilishmoqda.

Ayni vaqtda huquq-tartibot muassasalari teatrda xavfsizlik texnikasi qoidalariga qanchalik amal qilinishini tekshirishmoqda.

Top