10:41 / 07.02.2016
6097

Bekobodda ish paytida baxtsiz hodisaga uchragan fuqaroning arizasi bo‘yicha maxsus tekshiruv o‘tkaziladi

Toshkent viloyatining Bekobod tumani “Oybek” fermerlar uyushmasi hududida yashovchi O‘. Sharipovaning 2003 yilda “Bekobobsement” zavodida ishlagan davrida u bilan baxtsiz hodisa ro‘y bergani, ammo korxona unga H-1 aktini berishdan bosh tortgani, yetkazilgan zarar undirilmagani yuzasidan qilgan murojaatiga Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining birinchi o‘rinbosari B. Nizomov javob berdi.

Uning ta'kidlashicha, arizani o‘rganish davomida undagi keltirilgan faktlar haqiqatga mosligi, baxtsiz hodisa yuzasidan maxsus tekshiruv o‘tkazilmagani ma'lum bo‘lgan.

“Shu munosabat bilan fuqaro O‘. Sharipovaning murojaatida keltirilgan masalalarning yechimini topish, shuningdek, sodir bo‘lgan baxtsiz hodisani o‘rganish va aniqlik kiritish maqsadida Toshkent viloyati Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasiga mazkur baxtsiz hodisani O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risida”gi Nizomga asosan belgilangan tartibda maxsus tekshirish o‘tkazish yuzasidan topshiriq berildi”, - uning so‘zlarini keltiradi “Darakchi” gazetasi.

Top