20:28 / 07.02.2016
4307

Enrike boshqaruvidagi «Barselona» mag‘lubiyatsiz o‘yinlar bo‘yicha jamoa rekordini takrorladi

«Barselona» «Levante» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin (2:0) barcha turnirlardagi mag‘lubiyatsiz o‘yinlar davomiyligi bo‘yicha o‘z rekordini takrorladi. Bu haqda kataloniyaliklar jamoasi saytida ma'lum qilingan.

Ma'lum bo‘lishicha, La Liganing 23 turida qayd etilgan bu g‘alabadan so‘ng jamoaning mag‘lubiyatsiz seriyasi 28taga (23ta g‘alaba va 5ta durang) yetdi.

Luis Enrike boshqaruvidagi jamoa oxirgi marta 2015 yilning 3 oktabrida «Sevilya»ga qarshi o‘yinda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Jamoa 127 kundan buyon yutqazish nimaligini bilmay kelmoqda.

Qayd etish kerakki, "ko‘k-anorranglilar" La Liganing oxirgi 10ta o‘yinida uzluksiz ravishda g‘alaba qayd etgan.

Jamoaning bundan oldingi rekordi Xosep Gvardiola bilan qayd etilgandi. 2010-11 yillar mavsumida kataloniyaliklar shunday natijaga erishishgan.

Top