15:54 / 07.02.2016
3960

Zimbabveda prezidentning tug‘ilgan kuni uchun majburiy pul yig‘ilayotgani iddao qilindi

Zimbabvedagi huquq himoyachilari mamlakatning hukmron partiyasi prezident Robert Mugabening 92 yoshini nishonlash uchun qishloq aholisida majburiy ravishda pul yig‘ilayotganini iddao qilmoqda. Bu haqda News24 agentligi xabar tarqatdi.

Cotrad huquqni himoya qilish guruhining ma'lum qilishicha, Zanu-PF partiyasining yoshlardan iborat faollari har bir oiladan bir, davlat xizmatchilaridan esa uch dollardan pul yig‘moqda. Partiyaning maqsadi besh ming nafarga yaqin qatnashchi ishtirokida stadionda o‘tadigan dabdabali bayramni tashkil etishdan iborat.

“Tug‘ilgan kunda qimmat ziyofat o‘tkazish uchun pul yetishmaydi, partiya amaldorlari esa pul yig‘ishning bosmachilar usullaridan foydalanishmoqda”, - deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, partiyaning yoshlar ligasi kotibi Pupuray Togarepi Zanu-PF qishloq aholisining qanchalik qiyinchilikda yashayotganini ko‘rib turgani, bunday usullardan foydalanmasligini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, pul bor-yo‘qligidan qat'i nazar, partiya prezidentning tug‘ilgan kunini nishonlaydi.

Ayni paytda Robert Mugabe jahondagi eng keksa davlat boshqaruvchisi sanaladi. Yoshi o‘tib qolganiga qaramasdan, siyosatdan ketish haqida o‘ylayotgani yo‘q. jumladan, 2015 yilning dekabr oyida u hukmron Zanu-PF partiyasining rahbarligiga qayta saylandi. Shu yo‘l bilan u 94 yoshini nishonlaydigan 2018 yilgi prezidentlik saylovlarida qaytadan ishtirok etishni mo‘ljallagan.

Top