14:05 / 10.02.2016
8751

BMT rasmiysi IShIDning moliyaviy manbasi haqida aytdi

BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Jyeffri Feltmanning ma'lum qilishicha, IShID neft sotish orqali daromad orttirishni davom ettirmoqda. U BMT Xavfsizlik Kengashi terrorchilarni moliyaviy manbalariga qarshi kurashish borasida rezolyutsiya qabul qilganiga qaramay bu holat saqlanib qolayotgani haqida aytgan. Uning bayonoti tashkilot saytida ma'lum qilingan.

Feltmanning qayd etishicha, IShID o‘z tasarrufiga olgan hududlaridagi boshqa tabiiy boyliklarni sotish, soliqlar yig‘ish, mollarni musodara qilish, hududdagi arxeologik boyliklarni talon-taroj qilish, garovdagilarni sotish, ijtimoiy tarmoqlar orqali mablag‘ yig‘ish va boshqa moliyaviy manbalar orqali mablag‘ to‘playotgani aytilmoqda.

BMT ma'lumotiga ko‘ra, 2015 yilda IShIDning neft sotishdan orttirgan daromadi 400-500 mln dollarni tashkil etgan.

BMT XK tomonidan o‘tgan yilning 17 dekabrida jangarilarning moliyaviy manbalariga qarshi kurashish, bunda aktivlarini muzlatib qo‘yish, tranzit yo‘llarini uzib qo‘yish, tashkilotga aloqador guruhlar, shaxslarga qurol sotishga chek qo‘yish borasida rezolyutsiya qabul qilingan edi.

Feltman jangarilarga qurol yetkazib berish aynan neft mahsulotlarini sotish yo‘li orqali amalga oshirilayotganini ta'kidlagan.

Bundan oldinroq, IShID o‘z jangarilari uchun maoshlar miqdorini 2 barobar kamaytirgani xabari berilgandi.

Top