01:02 / 11.02.2016
12559

Qirg‘izistonda eng korrupsiyalashgan davlat idoralari nomi aytildi

Qirg‘izistonda 8 ta davlat idorasi eng korrupsiyalashgan deb topildi. Bunday ma'lumotlarni Qirg‘iziston milliy statistika qo‘mitasi keltirmoqda.

Qo‘mita ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili aholining davlat idoralariga munosabati aniqlanadigan indekslar qatoriga "Ijroiya hokimiyati va mahalliy o‘z o‘zini boshqarish davlat idoralarida korrupsiya darajasi haqidagi shaxsiy fikr" ko‘rsatkichi kiritildi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Jazolarni ijro etish davlat xizmati, Giyohvand moddalarni nazorat qilish davlat xizmati va Sog‘liqni saqlash vazirligi eng korrupsiyalashgan deb topilgan. Undan keyingi o‘rinlarda Davlat bojxona xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq xizmati, Ta'lim va fan vazirligi, Iqtisodiy jinoyatlar bilan kurashish davlat xizmati va Arxitektura davlat agentligi, Adliya vazirligi, Davlat mulkini boshqarish fondi, Iqtisodiyot vazirligi kelmoqda.

Qirg‘izistonliklarning fikricha, eng kam korrupsiyalashgan davlat idoralari Davlat aloqa agentligi, Madaniyat vazirligi va Mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish ishlari davlat agentligi hisoblanadi.

Top