11:31 / 17.02.2016
3441

Qozog‘istonning Oqtobesidagi o‘qituvchidan o‘quvchisini tahqirlagani uchun million tanga talab qilinmoqda

Qozog‘istonning Oqtobe shahridagi 35-sonli maktabda ta'lim oluvchi 7-sinf o‘quvchisining onasi shu maktab o‘qituvchilaridan biri uning farzandiga "kun bermagani" uchun o‘qituvchi ustidan sudga shikoyat qildi. Ayol o‘qituvchidan uning oilasiga yetkazilgan ma'naviy zararni qoplashni talab qilmoqda, deb xabar bermoqda "Rika-TV" telekanali.

O‘quvchining onasi va o‘qituvchi orasida mojaro chiqqan. Ayolning ta'kidlashicha, u maktab ma'muriyatiga o‘qituvchi ustidan shikoyat qilgandan keyin o‘qituvchi alamini olish maqsadida o‘quvchisiga uy vazifasini bajarmaganlikni vaj qilib, "ikki" baho qo‘ygan.

O‘qituvchi bahoni qo‘yayotib, unga "Tag‘in onang direktorga shikoyat qilib yurmasin" deb aytgan. Onaning aytishicha, uning farzandi o‘qituvchining bu gapidan keyin tushkun holatga tushib qolgan.

O‘qituvchining pedagoglarga xos bo‘lmagan harakatlari tufayli o‘quvchining musiqa maktabidagi o‘zlashtirishi tushib ketgan.

Ona o‘qituvchi bilan navbatdagi mojarodan keyin shahar prokuraturasi va ta'lim bo‘limiga shikoyat xati yozgan. Bu shikoyatni ko‘rib chiqish uchun maxsus komissiya tuzildi. Komissiyaning yig‘ilishlaridan birida o‘quvchi tomonidan o‘qituvchisi unga "bosim o‘tkazayotgan" holati diktofonga yozib olingan audioyozuv eshitib ko‘rish uchun taqdim qilgan.

Matematika fanidan ta'lim beruvchi o‘qituvchi bundan keyin ham o‘quvchisiga ma'naviy bosim o‘tkazavergan. Darslardan birida o‘qituvchi bolani doskaga chaqirib, bola misolni yechishda qiynalayotganini ko‘rib, "Diktofonga yozib olish qanaqa bo‘lishini endi bilib olasan", deb qo‘pollik qilgan.

O‘quvchi bunday munosabatdan keyin o‘tgan yilning noyabridan dekabrigacha hattoi maktabga borishdan bosh tortgan. Biroq ularning sinfiga boshqa o‘qituvchi kelgach, barchasi tubdan o‘zgardi.

Bola onasining aytishicha, uning farzandi yangi o‘qituvchi bilan tezda til topisha olgan va hattoki algebraga "ishqi tushgan". Bolaning musiqa maktabidagi o‘zlashtirishi ham yaxshilangan.

Endi bo‘lsa, ona farzandining sobiq o‘qituvchisidan yetkazilgan ma'naviy zarar uchun million tanga tovon puli talab qilmoqda.

Top