09:58 / 19.02.2016
10358

AQSh Davlat departamenti Rossiya qiruvchi samolyotlarini Eronga sotishi mumkinmasligini aytdi

Rossiya tomonidan Eronga Su-30SM qiruvchi samolyotlarining sotilishi BMTning bu davlatga qurol-aslaha yetkazib berish bo‘yicha embargosini buzadi va Xavfsizlik kengashining alohida ruxsatini talab qiladi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Mark Toner ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

"BMT Xavfsizlik kengashining 2231 rezolyutsiyasi Eronga BMTning oddiy qurol-aslaha ro‘yxatiga kiritilgan oddiy qurol-aslahaning muayyan toifalarini har bir muayyan vaziyatda oldindan ruxsatsiz sotishni taqiqlaydi", deb aytdi diplomat.

Toner xalqaro vositachilar "oltiligi" (AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Rossiya) bu cheklovlar haqida hamda Su-30SM jangovar samolyot sifatida tasniflanishini biladi. Shu sababli samolyotlar sotilishi haqida ma'lumot tasdiqlansa, bu masala Rossiya va BMT Xavfsizlik kengashining ikki tomonlama muzokaralarida ko‘tariladi.

17 fevralda RIA “Novosti” axborot agentligi Rossiyaning harbiy-texnik hamkorligi federal xizmatidagi manbaga iqtibos keltirgan holda Eronga ko‘p vazifali Su-30SM samolyotlarining yetkazib berilishi bo‘yicha shartnoma 2016 yilning oxirigacha imzolanishini ma'lum qilgandi. 16 fevralda Singapurda bo‘lib o‘tayotgan Singapore Airshow 2016 aviasalonida Su-30SM samolyotining yangi eskport versiyasi Su-30SME namoyish qilingandi.

10 fevralda Rossiya mudofaa sanoatidagi manba eronlik harbiylar Irkutsk aviazavodi "Irkut" tomonidan ishlab chiqariladigan Su-30MK ga qiziqish bildirganlarini ma'lum qilgandi. Manbaning aytishicha, Tehron bunday samolyotdan taxminan 60 dona sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Su-30MKI o‘ta manyovrli ko‘p vazifali qiruvchi samolyoti dastlab Hindiston uchun ishlab chiqarigan. Bu samolyotdan Hindistonga 1999 yildan beri 200 donadan ko‘proq yetkazib berilgan. Shuningdek, samolyot Jazoirga (44 ta) va Malayziyaga (18 ta) yetkazib berilgan.

Top