18:24 / 19.02.2016
9215

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston termasi Osiyo chempionati finaliga chiqdi

Futzal bo‘yicha Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan Osiyo chempionatida yarim finalning birinchi o‘yini O‘zbekiston va Tailand terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazildi.

Uchrashuv soat 16:00da, "O‘zbekiston" sport majmuasi zalida boshlandi. Birinchi bo‘limda muxlislar gol ko‘rishmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida Artur Yunusov burchakdan gol urib hisobni ochdi - 1:0. Keyingi daqiqada Jyetsada Chudech himoyadagi xatodan so‘ng gol urdi - 1:1.

O‘yinning asosiy vaqtida durang natija qayd etildi va qo‘shimcha taymlar belgilandi. Qo‘shimcha taym avvalida tailandliklar vakili Apivat Chayemchareon jamoasini oldinga olib chiqdi - 1:2.

O‘yin yakunlanishiga bir necha daqiqa vaqt qolganida o‘zbekistonliklar murabbiyi tavakkalga qo‘l urib, darvozabon o‘rniga beshinchi futzalchini maydonga tashladi. Buning samarasi o‘laroq, 48-daqiqada Artur Yunusov gol urib hisobni tenglashtirdi - 2:2.

Qo‘shimcha vaqtlarda ham 2:2 hisobi qayd etilgach, penaltilar seriyasi boshlandi. Omad lotereyasida birinchi zarbalar aniq amalga oshirildi 1:1. O‘zbekistondan Faxriddinov, tailandliklardan Supxavut zarbada aniq harakat qildi. O‘zbekistonliklarning ikkinchi vakili Irsaliyev ham aniq zarba berib, jamoani oldinga boshladi, tailandliklarning ikkinchi zarbasini esa termaning ikkinchi darvozaboni bo‘lmish Klim Tyugayev qaytarib qoldi. Shundan so‘ng nuqtaga yaqinlashgan Sviridov aniq zarba bilan O‘zbekiston termasini finalga olib chiqdi.

Yarim finalning ikkinchi o‘yini Eron va Vetnam termalari o‘rtasida bir necha daqiqalardan keyin boshlanadi.

O‘zbekiston - Tailand 2:2 (3:1 penaltilar seriyasi)
Gollar: Artur Yunusov 23, 48 - Jyetsada Chudech 24, Apivat Chayemchareon 41,
Penaltilar seriyasi: Faxriddinov, Irsaliyev, Svridov - Jiravat (darvozabon), Supxavut
O‘zbekiston: 1.Rustam Umarov, 7.Dilshod Raxmatov, 8.Farhod Abdumavlonov, 11.Artur Yunusov, 14.Konstantin Sviridov.
Zaxira: 2.Dilshod Irsaliyev, 3.Nodir Eliboyev, 4.Feruz Fahriddinov, 5.Davron Choriyev, 6.Javlon Anorov, 9.Andrey Shlema, 10.Jamoliddin Sharipov, 12.Akmal Xazratqulov, 13.Klim Tyugayev.

Tailand: 12. Kanison Pxupun, 6. Jiravat Sornvichian, 7. Apivat Chayemchareon, 8. Jyetsada Chudech, 9. Supxavut Tuyenklang.
Zaxira: 1. Chaleamsri Puangsri, 2. Vivat Taijaruyen, 3. Kongla Lakka, 4. Ampol Sriragev, 5. Punyapon Pumviset, 10. Nattavut Madyalan, 11. Vanlop Pansomsuai, 13. Chaivit Jamgrajang.
Ogohlantirishlar: Jyetsada Chudech 30, Dilshod Irsaliyev 42.

Top