19:27 / 19.02.2016
6730

O‘zbekistonda Ukraina mahsulotlariga qo‘shimcha import yig‘imi olish bekor qilindi

O‘zbekiston Ukrainada ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qo‘shimcha import yig‘imini olishni muddatdan avval bekor qildi. Bu haqdagi qarorni 18 fevralda Vazirlar Mahkamasi chop etdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Yig‘imlarning bekor qilinishi haqidagi qaror Ukraina tomonidan 2015 yil 24 dekabrda qabul qilingan "Tashqi iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qonuni bilan shartlangan, unda 2016 yil 1 yanvardan Ukraina hududiga olib kirilayotgan mahsulotlarga qo‘shimcha import yig‘imining bekor qilinishi ko‘zda tutilgan.

Ukraina tomonidan butun import uchun, qaysi davlat bo‘lishidan qat'i nazar, 5-10 foiz miqdorida qo‘shimcha import haqi yig‘ish 2015 yilning 26 fevralida 12 oylik muddatga kiritilgandi.

O‘zbekistonning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida va Ukraina tomonidan xalqaro kelishuvlar bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlarning bajarilmasligini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining "Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida"gi qonunining 23-moddasi va Bojxona kodeksining 10-moddasiga ko‘ra, 2015 yilning 20 iyunida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining "Ukrainada ishlab chiqarilgan tovarlar importiga nisbatan javob choralarini joriy etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandi. Bu qaror bilan 2015 yilning 1 iyulidan 12 oylik muddatga Ukrainada ishlab chiqarilgan tovarlarni import qilishda qo‘shimcha haq yig‘ishni joriy qilish ko‘zda tutilgandi.

Top