16:33 / 20.02.2016
6231

"Tolibon" jangarilari Pokistondagi maktabni portlatib yuborishdi

Tolibonlar Pokiston shimoli-g‘arbidagi maktabning yangi binosini portlatishgan. Bu haqda Reyter agentligi xabar tarqatdi.

Jangarilar tomonidan ma'lum qilinishicha, Janubiy Vaziriston viloyatidagi bu maktab davlat mablag‘i hisobidan qurilgan va shuning uchun portlatilishi kerak edi.

Bu portlash natijasida jabrlanganlar yo‘qligi aytilgan. Lekin bu maktab qurilishida ishtirok etgan 18 kishi o‘g‘irlab ketilgan. Keyinroq ular ortga qaytarilgan.

Portlash natijasida maktabning qizlar tahsil olgan qismi deyarli yo‘q qilingan, boshqa qismlarda zararlanish darajasi kamroq bo‘lgan. Bundan tashqari qurilish texnikalari yaroqsiz ahvolga kelgan.

Janubiy Vaziriston "Tolibon" ta'sirida bo‘lgan qabilalar istiqomat qiluvchi viloyat bo‘lib, tashkilot bu hududda butun mamlakat bo‘ylab amalga oshiradigan harakatlariga tayyorgarlik ko‘radi. Pokiston armiyasi va maxsus kuchlari bu hududda bir necha marta jangarilarni butunlay bartaraf etish uchun harakat qilgan, lekin buning uddasidan chiqmagan.

Top