12:22 / 23.02.2016
5159

Oksana Chusovitina Bokudagi Jahon kubogida oltin medal oldi

2016 yilning 19-21 fevral kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogining navbatdagi bosqichi o‘tkazildi.

Dunyoning 19 davlati vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Oksana Chusovitina tayanib sakrash bahslarida eng yuqori bahoga loyiq topildi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar tarqatgan.

Musobaqa yakunida xotin-qizlar hamda erkaklar musobaqalarida eng yuqori ballga sazovor bo‘lgan Oksana Chusovitina hamda Kenzo Shirai (Yaponiya)ga "AGF Trophy" kubogi tantanali suratda topshirildi.

Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi bosqichi shu yilning 16-19 aprel kunlari Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari o‘ynaladigan nufuzli musobaqa oldidan o‘ziga xos tayyorgarlik bosqichi vazifasini ham o‘tab berdi.

Eslatib o‘tamiz, Rioda o‘tkaziladigan lisenzion musobaqada 2008 yilgi Olimpiada o‘yinlarining bronza medali sovrindori Anton Fokin ham O‘zbekiston sha'nini himoya qiladi.

Top