07:55 / 23.02.2016
4548

"Trabzonspor" "hakamni maydondan chetlatgan" futbolchisining maxsus futbolkalarini sotuvga chiqaradi

"Trabzonspor" jamoasining asosiy do‘koni rahbari Emre Askoyning ma'lum qilishicha, jamoa yaqin vaqt ichida o‘z himoyachisi Solih Dursunning maxsus futbolkalarini sotuvga chiqaradi.

24 yoshli bu futbolchi Turkiya chempionati 22-turida "Galatasaroy"ga qarshi kechgan derbi vaqtida o‘yin hakami Deniz Bitnel "Trabzonspor" himoyachisi Luis Kavanduga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatib, maydondan chetlatgach, norozi futbolchilar uni o‘rab olishdi va hakam kartochkasini tushirib yubordi. Tushib ketgan kartochkani esa Dursun qo‘liga oldi va hakamga ko‘rsatdi. Deniz Bitnel ikkilanmay Dursunni ham o‘yindan chetlatdi.

"Galatasaroy"ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan o‘yinda "Trabzonspor"ning jami 4 futbolchisi maydondan chetlatilgan va jamoa o‘yinni 7 kishi bo‘lib tugatishiga to‘g‘ri keldi: bundan avval Kavandu va Dursundan tashqari, maydonni ikkinchi sariq kartochka olgani uchun Ozer Xurmaji va Aykut Demir ham tark etgandi. Qayd etish kerakki, qizil kartochkalar ko‘rsatilishi boshlanishidan oldin "Tranbzonspor" g‘alaba qilib turgandi.

Hakam jamoalardan biri 7 kishi bo‘lib qolgan vaziyatda ham o‘yinga qo‘shimcha vaqt belgilagan.

Futbol eksperti Ahmad Chaqir bu o‘yindagi vaziyatdan shubhalarini bildirgan va o‘yinni Interpol tekshirishi kerakligi haqida fikr bildirgan.

"Trabzonspor" hakamning qaroridan norozi ekanini namoyish qilish maqsadida Dursunning hakamga qizil kartochka ko‘rsatayotgan vaziyatning suratini futbolkalarga tushirib, klub do‘konlarida sotishni rejalashtirgan.

Top