09:12 / 26.02.2016
2004

Novak Jokovich ko‘zidagi muammo tufayli Dubaydagi turnirni tark etdi

Dunyoning birinchi raqamli raketkasi, serbiyalik tennischi Novak Jokovich Dubayda davom etayotgan turnirning ( Dubai Duty Free Tennis Championships) chorak finalida ispaniyalik Felisyano Lopesga qarshi bahsni tugata olmadi. Bahsning birinchi setida 3:6 hisobida mag‘lub bo‘lgan Jokovich ko‘zidagi muammoni sabab qilib ko‘rsatib, mag‘lubiyatni muddatidan oldin tan oldi va turnirni tark etdi.

Lopes keyingi bosqichda kiprlik Markos Bagdatisga qarshi kortga chiqadi.

Jokovich turnirning ikkinchi davrasida bahslarga qo‘shilgan va tunislik Malek Jazirini 6:1, 6:2 hisobida mag‘lub etib, chorak finalga o‘tgandi. Uning Jaziri ustidan g‘alabasi faoliyatidagi 700-g‘alaba sifatida tarixga kirgandi. Jokovich ayni paytga kelib, 700ta g‘alaba, 147ta mag‘lubiyat ko‘rsatkichiga ega bo‘lib turibdi. Jokovichdan tashqari hozirda faoliyatini davom ettirayotgan tennischilardan Rojyer Federer 1067ta, Rafael Nadal esa 775ta g‘alabaga erishgan.

Top