18:28 / 27.02.2016
3204

Smartfonlardagi issiqlikni yutuvchi quvurlar yangi trendga aylanishi mumkin

Yil sayin mobil qurilmalardagi protsessorlar quvvatliroq bo‘lib bormoqda va shu bilan birga ularning qizib ketishi ham ortmoqda. Bunga yorqin misol Qualcomm kompaniyasining o‘tgan yili chiqqan Snapdragon 810 protsessori bo‘ldi. Samsung kompaniyasi bu protsessordan umuman foydalanishdan voz kechdi. Biroq joriy yilda Snapdragon 820 protsessori chiqdi va ishlab chiqaruvchining ta'kidlashicha, u o‘zidan avvalgi protsessor kabi qizib ketmaydi. Shu sababli Samsung joriy yilda o‘zining yangi Galaxy S7 va Galaxy S7 Edge smartfonlarida yangi protsessorni qo‘llashga qaror qildi. Bu smartfonlar ko‘pchilik davlatlarda Exynos 8890 protsessori bilan sotiladi, biroq AQSh va Xitoy kabi bir qator davlatlarda Snapdragon 820 qo‘llangan versiyalari sotiladi. Ko‘rinishicha, Samsung ehtiyot shart shunday qilishga qaror qilgan.

Samsung yangi Galaxy S7 va Galaxy S7 Edge smartfonlarida birinchi marta issiqlik quvuri yordamida sovitish tizimini qo‘lladi, bu quvur protsessordan chiqayotgan issiqni yutib, atrofga tarqatib yuboradi. Bunday usuldan Sony’ning flagman modellarida hamda Microsoft’ning Lumia 950/950 XL smartfonida foydalanilgan.

Mutaxassislar joriy yilda bunday sovitish tizimiga ega bo‘ladigan ko‘plab smartfonlar ishlab chiqarilishiga ishonchlari komil. Ma'lum qilinishicha, ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilar hanuzgacha sovitishda metall taglikka ega grafitdan foydalanishadi. Ba'zi kompaniyalar protsessor qizib ketganda uning chastotasini kamaytiradigan dasturdan foydalanadilar. Issiqlik quvurlarining qo‘llanishi avval uncha ommabop bo‘lmagan, chunki uni qo‘llash mobil qurilmaning konstruksiyasi va korpusi ichidagi detallar joylashishini o‘zgartirishni talab qiladi. Shuningdek, smartfon ishlab chiqaruvchisi bu quvurlarni ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha uskuna sotib olishi kerak.

Tahlilchilarning fikricha, issiqliqni yutuvchi quvurlarning Samsung smartfonlarida paydo bo‘lishi bilan qolgan ishlab chiqaruvchilar sovitishning bu usuliga e'tibor qaratadilar.

Top