18:26 / 02.03.2016
10706

Qotil-enaga qurbonining otasi yo‘qolib qolgan itini izlamoqda

Ulkan shov-shuvlarga sabab bo‘lgan, har bir dilni larzaga keltirgan va qotilligida Gulchehra Boboqulova gumon qilinayotgan marhuma moskvalik to‘rt yoshli qizaloqning ota-onasi fojia paytida yo‘qolgan Lyusya laqabli toy-terer ko‘ppagini izlamoqda.

Qidiruv haqidagi e'lonlar Moskvaning Xoroshyovo-Mnyovniki tumani bo‘ylab yopishtirib chiqilgan, deb xabar beradi "Gazeta.Ru”ning PETS loyihasi.

Oilaning do‘st-birodarlari va ijtimoiy tarmoqlarning ko‘ngilli foydalanuvchilari kuchukni izlashga yordam berishyapti.
“Narodnoye opolcheniye ko‘chasida do‘stlarimning oilasida dahshatli fojia sodir bo‘ldi. Endi ularning yarasiga tuz sepgandek, oila a'zosi bo‘lgan kuchuk ham yo‘qolib qolgan. Iltimos, uni ko‘rib qolsangiz, tezda xabar bering”, - deb o‘z sahifasida yozib qo‘ygan moskvalik Yekaterina Dudina.

1 mart kuni kechki payt halok bo‘lgan qizaloqning otasi Vladimir “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Xoroshyovo-Mnyovniki tumani aholisiga murojaat qilgan: “Oilamizda sodir bo‘lgan dahshatli voqea haqida hamma xabardor bo‘lsa kerak. Nafrat, ojizlik, ilojsizlik tuyg‘ularini tasvirlab bera olmayman... Bizni qurshab turgan xunrezliklarni baholab bo‘lmasa kerak. Ishonchim komil, shunday kulfatni boshidan kechirgan odamlar bor, va men Nastya uchun ular bilan birga qayg‘uraman, aza tutaman. Xoroshyovo-Mnyovniki tumani aholisiga esa hamdardliklari uchun minnatdorchilik bildiraman va ulardan katta o‘tinchim bor, ushbu voqea paytidagi yong‘inda itimiz qochib ketgan, u ham oilamiz a'zosi va biz uni juda yaxshi ko‘ramiz, uni izlashda ko‘maklashganlarga behad minnatdor bo‘lar edik...”

Lyusa fojia paytida xonadonda bo‘lgan va yong‘indan so‘ng yo‘qolib qolgan.

Top