14:56 / 04.03.2016
2346

Odil Ahmedov 2015 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb topildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda Rossiyaning «Krasnodar» klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedov OAV vakillari orasida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, O‘zbekistonning 2015 yildagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bergan.

«Krasnodar» klubi a'zosi o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, mazkur sovrin uchun kurashda yaqin ta'qibchilari Qatarning «Al-Jaish» klubida to‘p surayotgan Sardor Rashidov hamda o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra «Paxtakor» safida O‘zbekiston chempionati oltin medalini qo‘lga kiritgan Igor Sergeyevni ortda qoldirdi.

Ta'kidlash lozim, ayni damda Rossiyaning «Krasnodar» safida to‘p surayotgan Ahmedov uchun mazkur sovrin faoliyatidagi to‘rtinchisi hisoblanadi. Bungacha Ahmedov 2009, 2011 hamda 2014 yillarda O‘zbekistonda yil laureati bo‘lgan edi.

OAV vakillari ovoziga ko‘ra O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchilari kuchli uchligi quyidagicha ko‘rinish oldi:

1. Odil Ahmedov («Krasnodar», Rossiya) – 50 ochko
2. Sardor Rashidov («Al-Jaish», Qatar) – 32 ochko
3. Igor Sergeyev («Paxtakor», O‘zbekiston) – 21 ochko

Top