11:26 / 09.03.2016
2608

Spalletti: «0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin xursand bo‘la olsak, bu «Roma»ning qay darajada qadrsizlanganini bildiradi»

«Roma» jamoasi bosh murabbiyi Luchano Spalletti YeChLning nimchorak finalida «Real»ga qarshi kechgan uchrashuvdan (0:2) keyin jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

«Haqiqat shundaki, biz birinchi uchrashuvda ham, ikkinchisida ham raqibga 0:2 hisoblarida mag‘lub bo‘ldik. Madridliklar haqli ravishda keyingi bosqichga chiqishdi.

Vaziyatni o‘zgartirishning yo‘lini topa olmadim. Birinchi o‘yinda mag‘lub bo‘lganimizdan keyin javob o‘yinida munosib qarshilik ko‘rsatishimizga ishonch bildira olardim xolos.

Ha, biz yomon o‘ynamadik, hatto maqtagulik vaziyatlar bo‘ldi. Ammo futbolchilar psixologik jihatdan bu o‘yinda g‘alaba qozonishga tayyor emasdilar. Bu bizning zaif tomonimiz.

Men bu qarama-qarshilikdan keyin xotirjam bo‘la olmayman. 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin qanday qilib ham xotirjam bo‘lish, xursandchilik qilish mumkin? Shunday bo‘lsa, bu «Roma»ning qadri shu darajada pasayganini ko‘rsatadi.

Haqiqatga tik qarash kerak va oqlovchi sabablar izlamaslik kerak. Ishlashda davom etamiz, yo‘limiz uzun va og‘ir. Bu yoqimsiz natija bo‘ldi, bundan keyin yanada yaxshiroq o‘ynashimiz kerak.

Zamonaviy futbolda psixologiya ko‘p narsani hal qiladi. Bunday natijadan keyin qo‘lni ko‘targan holda taslim bo‘lish yaramaydi. Men bugun«Roma» 7ta gol o‘tkazib yuborganida ham hayron bo‘lmasdim. Bundan avval ham men bilan ham, boshqa murabbiylar bilan ham shunga o‘xshash holatlar bo‘lgandi.

Men ko‘rib turibmanki, futbolchilarda kuchli iroda yetishmaydi. Axir futbolchilarning boshidagi xayol maydondagi ko‘p narsaga ta'sir ko‘rsatadi.

0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin sen kiyim almashtirish xonasiga kelishing kerak va o‘tgan ikki o‘yinda foydalanilmagan golli vaziyatlar xususida qahr bilan eslatishing kerak», – deydi Spalletti.

Top