20:14 / 18.03.2016
12734

Pskent tuman hokimi Toshkent viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi

Ergashxodjayev Islamdjan Djasurovich Toshkent viloyati hokimining ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda hokimlik saytida xabar qilingan.

Islamdjan Ergashxodjayev 1970 yilda Toshkent viloyati Parkent tumanida tug‘ilgan. 1995 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

U bu lavozimni egallaguniga qadar 2011 yildan Toshkent viloyati Piskent tumani hokimi bo‘lib ishlagan.

Ungacha esa Ohangaron tuman prokurori (2011 yil), Ohangaron shahar prokurori (2009-2011) va Toshkentning Mirobod tumani prokurori (2004-2009) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

1999-2004 yillarda O‘zbekiston Bosh prokuraturasida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 24 fevraldagi qarori bilan viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimiyatlarining boshqaruv apparatining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi. O‘zgarishlarga ko‘ra, viloyatlar va poytaxt hokimlari o‘rinbosarlari soni hokimning ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimining joriy etilishi hisobiga besh nafardan olti nafarga oshirildi.

Top