07:19 / 18.03.2016
1386

Tataristonning sobiq prezidenti yaqinlarini o‘ldirganlikda ayblanayotganlar sud oldida javob bermoqda

Tatariston prokuraturasi suddan Tatariston teri-tanosil dispanseri bosh shifokori Rinat Axmadiyevning oilasini o‘ldirishda ayblanayotgan ikki nafar o‘zbekistonlik – 51 yoshli In'om Mahkamov va 44 yoshli Igor Susanovni 19 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ramoqda, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.   

“Davlat qoralovchisi bugun tomonlarni tinglashda har bir sudlanayotganga 19 yil ozodlikdan mahrum qilishni, undan 5 yilini turmada, qolgan qismini esa qattiq tartibdagi koloniyada o‘tash jazosini belgilashni taklif qildi”, deb ma'lum qildi Tatariston prokuraturasi matbuot xizmati.    

Politsiyachilar 2015 yil sentabrda 15 yil avval amalga oshirilgan shov-shuvli qotillikni fosh qilishdi. Tergov versiyasiga ko‘ra, jinoyatchilar Tataristonning sobiq prezidenti Mintimer Shaymiyevning qarindoshi hisoblangan Rinat Axmadiyevning uyiga “katta pulga ega bo‘lish ilinjida” bosqinchilik hujumi uyushtirgan. Hujumda yana bir Galibabin ismli kimsa ishtirok etgan. U ayni vaqtda vafot etgan.

“Jinoyatchilar Axmadiyev, uning ayol tanishi va ikki nafar o‘g‘lini o‘ldirgach, uydagi ba'zi qimmatbaho narsalarni o‘g‘irlab, izlarni yo‘qotish maqsadida uyni yoqib yuborishgan”, deyilmoqda tergov hujjatlarida. 

Tergov davomida 2000 yilda Axmadiyevning uyida ta'mirlash ishlarini amalga oshirgan Mahkamov va Susanov jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkinligi o‘rnatilgan. Rossiya Tergov qo‘mitasining Tatariston bo‘yicha boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar jinoyatni amalga oshirgach O‘zbekistonda yashirinishgan. Ularni 2015 yilning yozida qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lingan. 

2015 yil iyunda Mahkamov Sankt-Peterburgga kelganda undan barmoq izlari olingan. Barmoq izlari jinoyat joyida aniqlangan barmoq izlari bilan mos kelgandan keyin, jinoyatchi Qozonga yetkazilgan. Jinoyatchi o‘z aybini tan olgan va o‘zining hamtovoqlari haqida ko‘rsatma bergan.

Ikkinchi jinoyatchi Susanov Mahkamovning ko‘rsatmalaridan keyin Novosibirskda qo‘lga olingan.

Top