19:45 / 19.03.2016
1333

APL, 31-tur: «Arsenal» safarda «Everton»ni 2:0 hisobida yengdi

Bugun, 19 mart kuni Angliya chempionatining 31 tur o‘yinlari boshlandi. Dastlabki o‘yin Liverpulning «Everton» jamoasi va Londonning «Arsenal» jamoalari o‘rtasida kechdi.

Londonliklar jamoasi keyingi yillarda o‘zlari uchun noqulay bo‘lgan bu raqibni bu safar mag‘lub etib qaytdi.

Dastlab, o‘yinning 7-daqiqasida Denni Uelbek hisobni ochdi. O‘yinda londonliklarning ustunligi davom etdi va taym yakunlanishi arafasida 19 yoshli hujumchi Aleks Ivobi o‘zining «Arsenal» uchun rasmiy uchrashuvlardagi ilk golini urib, hisobdagi farqni ikkitaga oshirdi.

Ikkinchi bo‘limda hisob o‘zgarmadi va «Arsenal» safarda muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Endilikda «Arsenal» 31 turdan keyin 55 ochko jamg‘argan holda (zaxirada bitta o‘yin bor) turnir jadvalining uchinchi o‘rnida joylashgan.

Bu turda «Chelsi» - «Vest Hem», «Sautgempton» - «Liverpul» kabi to‘qnashuvlar bor. Turning markaziy uchrashuvi esa «Manchester Yunayted» va «Manchester Siti» o‘rtasida kechadi.

Turnir jadvalida birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallab turgan «Lester» va «Tottenhem» mos ravishda «Kristal Pelas» hamda «Bornmut» jamoalarini qabul qiladi.

Everton – Arsenal 0:2 (0:2, 0:0)

Gollar: 0:1 – 7 Uelbek, 0:2 – 42 Ivobi.
Everton – Robles, Djagelka, Beyns, Koulmen, Funes Mori, Makkarti, Beshich (Stounz, 46), Barkli (Deulofeu, 73), Lennon, Kleverli, Lukaku.
Arsenal – Ospina, Gabriel, Monreal, Belerin, Koselni, Koklen, El-Nenni, Ozil (Gibbs, 74), Sanches, Uelbek (Jiru, 75), Ivobi (Chembers, 86).

Top