15:07 / 21.03.2016
4172

Chelyabinsklik shifokorlar ayoldagi o‘simtani 9 oy homila deb yurishgan

Chelyabinsk viloyatining Karabash shahri shifokorlari aqlbovar qilmas kasbiy mas'uliyatsizlikni namoyish qilishdi. Shaharda yashovchi, egizak homila kutayotgan ayolning ko‘zi yorishi vaqti kelganida unga kesarcha operatsiya qilindi. Biroq akusherlar ayol bachadoni ichida homila o‘rniga o‘simta (kista) aniqlashgan. Ayolning shikoyati bilan ushbu holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.

“Interfaks” axborot agentligining ma'lum qilishicha, ayol shahar ayollar maslahat markazida hisobda turgan, u muntazam ultratovush diagnostikasidan o‘tib turgan. Shifokorlar har safar ayolning ezigak kutayotgani va homiladorlik yaxshi kechayotganini ta'kidlab kelishgan.

Nihoyat, tug‘ish vaqti kelganda ayol Miass shahridagi tug‘ruqxonaga yo‘l olgan. U yerdagi shifokorlar ayol o‘z kuchi bilan tug‘a olishiga shubha qilib, uni kesarcha yo‘l bilan tug‘dirishga qaror qilishgan. Shifokorlar egizaklar o‘rniga katta o‘simtani ko‘rishganda hayratdan yoqalarini ushlab qolishgan. Ular o‘simtani olib tashlashga qaror qilishgan.

Endilikda ayolni nazorat qilgan shifokorlar o‘z mas'uliyatsizliklari, ya'ni qanday qilib 9 oy davomida o‘simtani egizaklar deb yurishganlari uchun javob berishlariga to‘g‘ri keladi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra protsessual qaror qabul qilinadi.

Top