18:02 / 21.03.2016
2029

«Salomatlik» poyezdi Navoiy viloyatiga yo‘l oldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 9 fevraldagi PQ-2487-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining 9-bandida ko‘rsatilgan Respublikaning ekologik nohush mintaqalarida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va boshqa viloyatlarda) “Salomatlik” poyezdlarini tashkil etish yo‘li bilan chekka tumanlarda yashovchilarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun Toshkent – Navoiy – Tinchlik – Konimex – Qara-qata – Mustaqillik – Qizilquduq – Buzaubay – Uchquduq II – Toshkent yo‘nalishidagi “Salomatlik” poyezdi 2016 yil 21-29 mart kunlari tashkil etildi.

Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, 2015 yil davomida Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 3 marotaba “Salomatlik” poyezdlari tashkil etilgan edi.

Ushbu “Salomatlik” poyezdlarining mutaxassislari tomonidan 5857 kishi chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik bilan bir qatorda “Salomatlik” poyezdining faoliyati davomida viloyatdagi 100dan ortiq tibbiy va ijtimoiy muassasalarga shuningdek, 8000 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli ravishda oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, vitamin, tibbiyot jihozlari, sanitariya va gigiyena vositalari jami 109,1 mln. so‘mlik insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.

Navbatdagi “Salomatlik” poyezdi uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan maxsus vagonlar taqdim etilib, yuqori malakali shifokorlar guruhi aholiga zarur tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida 21 mart kuni soat 17:00da Toshkent shimoliy vokzalidan yo‘lga chiqdi. Ushbu malakali shifokorlar bilan birga joylarda fondning Navoiy viloyati ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Ushbu insonparvarlik yordami 3 748,1 mln. so‘mlik oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda dori-darmon va tibbiyot anjomlari, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat muruvvat yordamlaridan tashkil topgan.

Mazkur poyezd o‘z rejasi davomida borishi ko‘zda tutilgan Navoiy, Tinchlik, Konimex, Qara-Qata, Mustaqillik, Qizilquduq, Buzaubay va Uchquduq II stansiyalariga yaqin hududlaridan tashqari fondning Navoiy viloyati hududiy filiali ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi orqali hududdagi markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug‘ruq komplekslariga hamda ko‘zi ojiz, aqli zaif va kar-soqov bolalar maxsus maktab internatlariga o‘z yordamini ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ekologik jihatdan noqulay sharoitda istiqomat qiluvchi aholini ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, shuningdek, chekka qishloqlarda yashayotgan ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish hamda muruvvat harakatini rivojlantirish ishiga keng jamoatchilik e'tiborini jalb etish.

Tadbir homiylari: Germaniya Federativ Respublikasining “Friedensdorf International”, “Tovarish – Hilfe fuer kinder” xalqaro tashkilotlari, AQShning “AmeriCares” va “Toms Shoes” xalqaro tashkilotlari, “Dori-darmon” AK, MChJ “Reka med Farm” QK, “Navroz PTK” MChJ, “Baxtteks-farm” MChJ, “Tailor impeks” MChJ va boshqalar.

Top