12:11 / 22.03.2016
1453

Jorj Kluni va uning rafiqasi Klintonni qo‘llab-quvvatlashmoqda

Mashhur amerikalik aktyor Jorj Kluni va uning rafiqasi Amal 21 mart kuni maxsus lotoreya o‘yinini tashkil etishdi.
G‘olib aprel oyida ularning Los-Anjyelesdagi uyida mehmon bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi. O‘yinda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish kifoya, lekin g‘oya mualliflari hech bo‘lmasa 5 dollar to‘lov amalga oshirishni so‘rashadi.

Ushbu aksiya Demokratik partiyadan prezidentlikka da'vogar Hillari Klintonni qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etildi. Lotoreya o‘yinidagi barcha mablag‘lar Klintonning saylov jamg‘armasiga kelib tushadi.

“Amal va men Hillari bilan birgalikda 16 aprel kuni Los-Anjyelesdagi uyimizda yig‘ilamiz va uyimizda Sizni ham ko‘rish biz uchun sharaf, - deydi Kluni hozir ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilinayotgan lotoreyani reklama qilar ekan. – Yaxshi yangilik shundaki, ovqatni men pishirmayman”.

Klinton jamg‘armasiga qatnashchilar minamal – 5-10 dollardan to bunday ko‘rinishdagi o‘tkazmalar uchun maksimal bo‘lgan 2,7 ming dollargacha to‘lashlari mumkin. Tashkilotchilarning va'dasiga binoan, g‘olib Kluni va uning rafiqasi bilan suhbatlashishi, ularning uyini tomosha qilishi va AQSh prezidentligiga nomzodning shaxsan o‘zi bilan uchrashishi mumkin bo‘ladi.

Agar Kluni yoki Klintonning muxlislari omadga umid qilishni istamasalar, ushbu “kecha”da ishtirok etishning kafolatli yo‘li ham mavjud. Aktyor 16 aprel kuni o‘z uyida, shuningdek, San-Frantsiskoda ham shu kabi marosim o‘tkazmoqchi. Bunday shohona kechki ovqatning narxi 33,4 ming dollar. Taklif etilganlar orasida rejissyor Stiven Spilberg, aktrisa Keyt Kepshou, britaniyalik qo‘shiqchi Sheril va boshqa Demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlovchi mashhurlar bor.

Klinton saylov jamg‘armasi ma'lumotiga ko‘ra, hozirgacha milliondan ortiq amerikaliklar pul o‘tkazganlar.
2012 yili Jorj Kluni Barak Obamani qayta saylash kampaniyasiga mablag‘ to‘plash uchun shunday tadbir o‘tkazib, 15 million dollar pul yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Top