08:48 / 22.03.2016
2136

Lukas Braunda Chagayev bilan jangidan keyingi tekshiruvda doping aniqlandi

Professional boksning superog‘ir vazn toifasida WBA (Regular) yo‘nalishi chempioni Lukas Braun o‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagayevga qarshi jangdan keying doping tekshiruvdan o‘tdi va uning qonida taqiqlangan klenbuterol moddasi borligi aniqlandi. Bu haqda ESPN nashriga asoslanib, R-Sport xabar tarqatgan.

Ruslan Chagayev va Lukas Braun o‘rtasidagi chempionlik jangi 5 mart kuni Grozniy shahrida o‘tkazilgandi. Jangning 10-raundida Chagayev nokdaun holatiga tushgan, o‘rnidan ko‘tarilganida raqib zarba yog‘dirishda davom etgach, referi O‘zbekiston vakiliga texnik nokaut yozgandi.

Avstraliyalik bokschi Ruslan Chagayevga qarshi o‘tkazgan jangidan besh kun avval va jang yakunlanganidan so‘ng doping uchun tahlil topshirgan. Natijalarga ko‘ra, uning klenbuterol moddasi qabul qilgani aniqlangan. VADA (Voluntary Anti-Doping Association - Butundunyo aksildoping agentligi) rahbariyati sportchida B proba natijasini talab etishga haqliligini bildirgan.

Agar Braun doping qabul qilganini tan olsa, u chempionlik kamaridan mahrum qilinish xavfi ostida qoladi.

Ma'lumot uchun, klenbuterol moddasi Xalqaro antidoping tashkiloti tomonidan taqiqlangan moddalar qatoriga kiritilgan.

Top