22:25 / 22.03.2016
1834

Muxlislar O‘zbekiston termasining Filippinga qarshi o‘yini arafasida chiptalar narxi ko‘tarilib ketganidan shikoyat qilishdi

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi maslahat.uz guruhida O‘zbekiston milliy terma jamoasining 24 mart kuni Filippin termasiga qarshi 2018 yilgi Jahon chempionatiga saralash doirasida o‘tkaziladigan o‘yini uchun chiptalar olishdagi muammolar qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Guruh a'zolaridan biri o‘yin bo‘lib o‘tadigan kundan 2 kun oldin Toshkent shahridagi "Bunyodkor" markaziy o‘yingohiga chipta uchun borganini, lekin stadion kassalarida chiptalar qolmagani, qo‘lga chiqib ketgan chiptalarning narxlari esa aslidagidan bir necha barobar qimmatlashganiga guvoh bo‘lganini bildirgan.

18 mart kuni sotuvga chiqqan chiptalarning narxlari markaziy sektorlar uchun 20 ming so‘m, darvoza ortidagi sektorlar uchun esa 15 ming so‘mdan etib belgilangandi. Shikoyatchining aytishicha esa, ayni vaqtda stadion atrofidagi olibsotarlar qo‘lidagi chiptalar narxi 60 ming so‘mdan boshlanib, 100 ming so‘mgacha bo‘lib turibdi.

U o‘yingacha hali 2 kun borligi, lekin kassalarda chipta qolmaganidan hayron bo‘lib, guruhdoshlardan shu muammoga e'tibor qaratishni so‘ragan.

Post ostida fikr qoldirganlar bu masalada turlichia yondashuvlarini ko‘rsatishgan.

Kimdir bu muammoni chiptalarni pasport ko‘rsatgan muxlislarga cheklangan miqdorda sotishni yo‘lga qo‘yish taklifi bilan chiqqan bo‘lsa, ikkinchi bir kishi bu taklifga qarshiligini bildirib, "futbolga tushish uchun ham pasport ko‘tarib borish"ga ro‘yxushlik bermagan.

Boshqa bir foydalanuvchi, chiptalarni kassadan sotib olib, ustiga narx qo‘yib sotayotganlar ham o‘zicha haqliligini, ularning tirikchiligi shu ekanini, talab kattaligi uchun narxlar o‘z-o‘zidan oshgani haqida aytib o‘tgan.

Bu fikrga aksar kishi e'tiroz bildirib chiqqan. Ulardan biri bu muttahamlik ekanini va bundaylar ma'muriy javobgarlikka tortilishi kerak ekanini qayd etgan.

Soatlab davom etgan munozarada bu masala bo‘yicha Iste'molchilar huquqini himoya qilish agentligiga, Antimonopoliya idorasiga yoki O‘FFga (O‘zbekiston futbol federatsiyasi) to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish kerakligi tavsiya etilgan. O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ishonch telefoni ilova qilingan: 1091.

Keyinroq, chiptafurushlikni yo‘qotish uchun avval chiptani yo‘qotish kerakligi, uning uchun esa chiptalarni sotishning elektron tizimini (e-ticketing) ishlab chiqishni taklif qilgan. Bu orqali stadionga chipta uchun borib kelishning hojati bo‘lmasligi, navbat kutishlarga vaqt sarflanmasligi kabi afzalliklar ham sanab o‘tilgan.

Fikr bildiruvchilar stadion rahbariyati va boshqa mas'ul shaxslarga qaratilgan tanqidlar kerakli joyda aytilmasa, befoyda bo‘lishi, bu gaplar obro‘li OAV orqali yoritilsagina, foyda berishi mumkinligini ta'kidlashgan. Shundan so‘ng, post ostida internet nashrlarga xususan, kun.uz va tribuna.uz nashrlariga murojaat qilinib, bu masalani ko‘tarishda yordam so‘ralgan.

Shundan so‘ng, guruh a'zolari bu adolatsizliklar tufayli terma jamoa o‘yinlarni boykot qilishga chaqira boshalashadi.

"Bir ikki o‘yinga kirmaslik kerak. Bir chiptaga bo‘kib qolsin dallollar", deya kinoya qiladi ulardan biri.

"Ommaviy boykot qilish kerak. Toki chiptalar kassalarda o‘z narxida sotilishi ta'minlanmagunicha, futbolga bormaslik kerak. Televizorda ko‘rsa ham bo‘ladi o‘yinni", deya xitob qiladi yana bir muxlis.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston - Filippin uchrashuvi 24 mart kuni soat 18:00da boshlanadi.

Top