18:18 / 22.03.2016
7903

Yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan xalqlar

Yer yuzi aholisi tezlik bilan ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda sayyoramizda yashayotgan aholi soni 7 milliarddan oshib ketdi. Aholi soni oshib borar ekan, shu bilan birga butunlay yo‘qolib ketish arafasida turgan xalqlar ham borligidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Gap bu yerda son jihatidan kamayib borayotgan qabila va elatlar haqida bormoqda. Ular globalizatsiya va assimilyatsiyaning qurboniga aylanmoqda. Shu tariqa yo‘qolib borayotgan xalq bilan birga, ularning madaniyati va turmush tarzi ham yo‘q bo‘lib ketmoqda.

Tezlik va nanotexnologiyalar asrida sivilizatsiyadan panada bo‘lgan xalqlar ham mavjudki, ularning ayrimlarining taqdiri xavf ostida qolmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzida 370 millionga yaqin tub xalq vakillari istiqomat qiladi. Bu yer yuzi aholisining 5 foizi demakdir. Sayyoramizda 6 mingta xalq bo‘lib, tadqiqotlarga ko‘ra, xalqlarning soni yildan yilga kamayib bormoqda. Tsivilizatsiya kamsonli xalqlarni yer yuzidan supurib tashlamoqda, go‘yoki. Ular bilan birga tillar, madaniyatlar yo‘qolib bormoqda. Insoniyat takrorlanmas madaniyatdan asta-sekin judo bo‘lib bormoqda. Agar tabiada qandaydir hayvon yoki o‘simlik yo‘qolib ketish arafasida turgan bo‘lsa, bu haqda bong uriladi. Butun boshli xalqlar yo‘qolib borar ekan, bunga oddiy, shu bilan birga tabiiy hodisa sifatida qarab bo‘lmaydi. Chunki sayyoramiz xalqlari orasida xilma-xillik bo‘lmas ekan, bu insoniyat evolyutsiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi turgan gap.

Madaniyatlar xilma-xilligining kamayib borishini fojyea sifatida qabul qilish kerak. Madaniyatlar tirik organizmga o‘xshaydi. Ulardan biri olib tashlansa tanamiz kemtik bo‘lib qoladi.

Suratkash Jimmi Nelson qo‘lidagi fotoapparat bilan dunyo bo‘ylab sayyohat qilar ekan sayyoramizning turli mamlakatlarida bo‘lgan. U mayda xalqlar vakillari orasida bo‘lib, ularning turmush tarzini tsiviliziya vakillariga yetkazishga harakat qiladi. Jimmi Nelsonning loyihasi “Hozircha ular yo‘q bo‘lib ketmadi” deb nomlanadi. Loyiha tashqi dunyodan butunlay ajralib qolgan xalqlar turmush tarzi, hayoti, urf-odatlari haqida atroflicha ma'lumot beradi.

Jurnallardan biriga bergan intervyusida Jimmi Nelson uch yil maboynida 44ta mamlakat xududida istiqomat qilayotgan 29 ta qabila vakili orasida bo‘lganini aytgan edi. Uning loyihasi sayyoramiz aholisining noyob qirralarini ochib berishga imkon beradi.

Yo‘qolib borish xavfi arafasida bo‘lgan xalqlarning urf-odat va an'alarini asrab qolish maqsadida Braziliyada bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Masalan, o‘tgan yilning 23 oktabridan 1 noyabriga qadar tub xalq vakillarining birinchi xalqaro sport musobaqalari o‘tkazildi. Musobaqalarda 2200 nafar sportchi ishtirok etdi. Braziliyadagi tub aholi vakillaridan tashqari 20 ta mamlakatdan, jumladan, AQSh, Kanada, Meksika, Yangi Zelandiya, Rossiya, Mo‘g‘iliston, Paragvay, Gvatemaladan vakillar keldi. Shu tariqa tub xalq vakillarining madaniyati va an'analari keng targ‘ib qilindi.

Yo‘qolib ketish arafasida bo‘lgan xalqlar xaqida qisqacha ma'lumot beramiz.

Samburu. Keniya hududlarida istiqomat qiladi. Aholi soni 160 ming kishidan oshmaydi.

 

Xuli. Indoneziya va Papua — Yangi Gvineyada yashaydi. Aholisi 150 mingga yaqin kishidan iborat.

 

Bushmenlar. Angola, Botsvana, Zambiya, Zimbabve, Namibiya, Janubiy Afrika Respublikasi hududlarida istiqomat qiladi. 100 ming kishidan iborat.

 

Ladakxi. Hindiston hududlarida istiqomat qiladigan bu xalq soni 57 ming kishidan iborat.

 

Vaorani. Ekvador sharqida yashaydigan bu xalq 4 mingga yaqin kishidan iborat.

 

Kokopa. Atigi 300 kishidan iborat bu xalq Meksika va AQShning Arizona shtatida yashaydi.

 

Tsaatanlar. 280 kishidan iborat bu xalq vakillarini Mo‘g‘iliston hududlarida uchratish mumkin.

 

Tanzaniyada masai degan qabila bor. Bu xalq vakillari bolalarini yoshlik chog‘laridanoq harbiylikka o‘rgatishadi.

 

Ko‘chmanchilikda yashashni odat qilgan rabari qabilasini Hindistonda uchratasiz. Bu qabila qizlarini yoshlik davridayoq chevarlikka o‘rgatishadi.

Mursi qabilasi Efiopiyada asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan mashg‘ul. Ayni damda Omo daryosi sohillarida istiqomat qiluvchi bu xalq vakillari sayyohlar bilan suratga tushish hisobiga topgan pul evaziga kun kechiradilar.

Nepalda loba deb ataluvchi xalq bor. 1991 yilga qadar ular yashaydigan Lo Qirolligiga yoki Yuqori Mustang o‘lkasiga sayyohlarning borishi taqiqlangan edi. Endilikda bu xalq turmush tarzi bilan yaqindan tanishmoqchi bo‘lganlar 2–3 kun piyoda yurib Kali-Gandaki sohilidagi qishloqqa yetib olishlari mumkin.

Nima uchun butun boshli xalqlar tarixga aylanmoqda? Bugungi kunda bu masala dolzarb mavzuga aylanib bormoqda desak aslo yanglishmaymiz.

 

Sharofiddin To‘laganov

Top