11:34 / 23.03.2016
1751

Chikagoda Navro‘z bayramini nishonlashdi

19 mart kuni Chikagoda yashovchi o‘zbeklar birgalashib Navro‘z bayramini nishonlashdi. Bayram bahona yurtdoshlar bir-birlari bilan diydor ko‘rishishdi. Barchada bahoriy kayfiyat jo‘sh urib, mehmonlar kiyib kelgan milliy liboslar esa yanada bayramona ruhiyat bag‘ishladi. Bayram kechasi boshlanishidan avval O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsul o‘rinbosari Ulug‘bek Ahmedov Chikagoda istiqomat qiluvchi o‘zbeklar bilan suhbat qurdi va ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Bundan tashqari, bayram arafasida o‘zbek milliy ertaklari kitobi hamda milliy matolar yarmarkasi tashkil etildi.

Bayramni jarchi bolajonlar ochib berishdi. Tabriklar, kuy va qo‘shiqlarga ulangan tantanada Chikagodagi o‘zbek maktabi bolalarining faol ishtirok etishgani yig‘ilganlarga yanada zavq bag‘ishladi. Bolalar “Kim oladi, shu ginani?" deb atalgan o‘zbek milliy o‘yinini namoyish etishdi. Gulruh Gadoyeva tomonidan mahorat ila ijro etilgan "Fasli navbahor" qo‘shig‘i mehmonlarlarning samimiy olqishlarini qozondi. Dasturxonga milliy taomlar, jumladan, osh va sumalak tortildi. Bayram qiziqarli o‘yinlar bilan davom etdi.

Shuningdek, bayram davomida Chikago o‘zbek-amerika assotsiatsiyasi prezidenti Olim Sharipov 2015 yilning eng faol a'zolariga esdalik sovg‘alarini topshirdi. Chikago o‘zbek maktabining eng faol o‘qituvchisi nomi — Hulkar Ashurovaga nasib etdi. Jamshid Eshonxo‘jayev esa Chikagodagi o‘zbeklar ichida 2015 yilning eng faol yigiti deb topildi. Shuningdek, Chikago o‘zbek maktabining eng faol o‘quvchisi nomiga Sevara Qodirova erishdi. Bayram so‘ngida auksion o‘tkazildi. Auktsiondan tushgan mablag‘lar Chikago o‘zbek maktabi fondiga taqdim etildi.

Top