16:34 / 23.03.2016
7019

O‘zbekistonda 2016 yil boshida ishsizlik darajasi 5,2 foizni tashkil etdi

2015 yil natijalariga ko‘ra, iqtisodiy faol aholi soni 13 million 767,7 ming kishini yoki aholi umumiy soni (31,5 milliondan ziyod)ning 44,0 foizini tashkil qildi.

Dastlabki ma'lumotlarni Davlat statistika qo‘mitasining 2015 yilning yanvar—dekabr oylaridagi asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarga bag‘ishlangan ma'ruzasida keltirilgan.

2015 yilda iqtisodiyotda band bo‘lgan aholi soni 13 mln 58,3 ming kishini tashkil qildi va 2014 yilning shu davriga nisbatan 1,9 foizga oshdi.

Bandlar sonining sezilarli o‘sish darajasi transport va aloqa sohasida (+3,8 foizga), uy-joy kommunal xo‘jaligi va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatishning noishlab chiqarish turida (+3,6 foizga), savdo, umumiy ovqatlanish, ta'minot va tayyorlov sohasida (+3,5 foizga) va qurilishda (+3,3 foizga) kuzatildi.

2015 yilda iqtisodiy faol aholining bandlik darajasi (iqtisodiyotda band aholining iqtisodiy faol aholi soniga nisbati) 94,8 foizni tashkil etdi.

Nodavlat sektorida band bo‘lganlarning jami bandlar sonidagi ulushi 82,2 foizga yetdi, bu ko‘rsatkich 2014 yilning shu davrida 81,9 foizni tashkil qilgan.

2015 yil dekabr oyi oxirida mehnat idoralarida ish qidiruvchilar sifatida ro‘yxatdan o‘tgan aholi soni 2700 kishini tashkil qildi va bu ko‘rsatkich 2014 yilning shu davriga (3400 kishi) nisbatan 20,5 foizga kamaydi.

Ishsizlar soni (ishga joylashtirishga muhtoj mehnat bilan band bo‘lmagan aholini hisobga olish metodikasiga asosan aniqlangan) 709,4 ming kishini tashkil qildi va iqtisodiy faol aholi soniga nisbatan ishsizlik darajasi 5,2 foizga teng bo‘ldi.

2016 yilda O‘zbekistonda 993 ming kishini ish joyi bilan ta'minlash rejalashtirilgan. Undan 148 ming ish joyi MDH davlatlaridan qaytib kelayotgan ishchilar uchun mo‘ljallangan.

Ma'lumotlarga ko‘ra hozirgi kunda O‘zbekistonning 31 million aholisidan 3-4 millioni xorijda mehnat faoliyati bilan shug‘illanmoqda.

Rossiya Federal Migratsiya xizmati xabariga ko‘ra, Rossiyada 2 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bor.

2015 yilda O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 5,1 foizni tashkil etdi

Top