14:44 / 23.03.2016
2819

Shuhrat Qayumov konsert dasturidan maxsus reportaj: Fayzli oqshom taronalari

22-23 mart kunlari poytaxtimizda joylashgan “Istiqlol” san'at saroyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Qayumov yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqda. Dasturda kuylanadigan qo‘shiqlar jonli ijroda aytiladi.

Kecha konserning birinchi kuni edi. Aytish mumkinki, u fayzli o‘tdi. Aslida ham kuy-qo‘shiq yangrayotgan davrada jonli ijroning bo‘lishi, uni tinglayotgan odamga xushkayfiyat bag‘ishlaydi. Kontsert dasturi boshlanishidan oldin xonandaning biroz betob bo‘lib qolgani, shu bois qo‘shiqlarni fonogramma orqali aytishi haqida gap oraladi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi. Bu haqda xonanda konsert davomida ham aytib o‘tdi.

Birinchi qo‘shig‘ini kuylab bo‘lgach Shuhrat Qayumov, jumladan, shunday dedi: “Kamchiliklarim bo‘lsa uzr! Kontsert oldidan ko‘z tegib, hozirgacha yutalib yurdim. Hozir ham kuylayotgan paytda yutalib yubormaslikka harakat qilyapman. Shuni ayb deb bilmasangiz, bo‘ldi. Ko‘pchilik konsertdan oldin qo‘shiqlarni fonogramma orqali ayting, deb maslahat berdi. Betob bo‘lishimga qaramay fonogrammada aytish menga yarashmaydi, dedim ularga. Yana shuni alohida aytib o‘tishim kerakki, men bilan birga sozandalar ham jonli ijro etishyapti. Bu oson ish emas. Boshqalarga o‘xshab, ko‘chadan san'atga aloqasi yo‘q, odamlarni olib kelib, kastyum-shim kiydirib, qo‘liga tor berib qo‘yganim yo‘q”.

Shuhrat Qayumov xalq e'tiboriga lirik xonanda sifatida ham tushgan. Jumladan uning ota-ona haqida aytilgan qo‘shiqlari o‘zgacha eshitiladi. Xonanda bu safar ham shu mavzuga qo‘l urib, muxlislar e'tiboriga ota-ona haqida aytilgan yangi taronalarni taqdim etdi. Bundan tashqari, taniqli suxandon Muslimbek Yo‘ldoshev marhum hamkasblarni yodga olib, bir necha she'rlar o‘qidi, ular xotirasiga bag‘ishlab qo‘shiqlar kuylandi.

Umida Mirhamidova o‘zining “Oq atirgullar” ashulasi bilan tomoshabinlar kayfiyatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi. Umida Mirhamidova aslida bu qo‘shiq Shuhrat Qayumovga atab aytilganini aytganda, bunga javoban Shuhrat Qayumov xonandagi atab qo‘shiq kuyladi.

Bir so‘z bilan aytganda konsert dasturining birinchi kuni fayzli o‘tdi. Buni tomoshabinlar chehrasida ham anglasa bo‘lar edi.

Top