22:17 / 24.03.2016
5448

Toshkent prokurori shahar hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi

Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari tayinlandi.

Shu kunga qadar Toshkent shahar prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Mirzohid Obidov shahar hokimining ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda shahar hokimligi saytida ma'lum qilingan.

2011 yildan beri Toshkent shahar hokimining kapital qurilish, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish, sanoat va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Baxtiyor Rahmonov o‘z vazifasida qolgan.

Nozim Xusanov shahar hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Shuningdek, Otabek Sodiqov shahar hokimining o‘rinbosari — «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi, Farida Abdurahimova hokim o‘rinbosari — shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Shuhrat Turdiqulov shahar hokimining jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettirishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 24 fevraldagi qarori bilan viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimiyatlarining boshqaruv apparatining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi. O‘zgarishlarga ko‘ra, viloyatlar va poytaxt hokimlari o‘rinbosarlari soni hokimning ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimining joriy etilishi hisobiga besh nafardan olti nafarga oshirildi.

Top