10:53 / 25.03.2016
2171

Tatariston sobiq prezidenti yaqinlarini o‘ldirgan 2 o‘zbekistonlikka 19,5 yildan qamoq jazosi tayinlandi

Qozon shahrida Tatariston Oliy sudi mamlakatning sobiq prezidenti qarindoshlarini o‘ldirishda ayblangan 2 o‘zbekistonlikka, – 51 yoshli In'om Mahkamov va 44 yoshli Igor Susanovga 19,5 yildan qamoq jazosi tayinlagan. Rrokazan.ru saytida xabar qilinishicha, ushbu shaxslar 2015 yil sentabrda 15 yil avval amalga oshirilgan qotillikda ayblanib qo‘lga olingandi. Tergov davomida aniqlanishicha, jinoyatchilar Tataristonning sobiq prezidenti Mintimer Shaymiyevning qarindoshi hisoblangan Rinat Axmadiyevning uyiga “katta pulga ega bo‘lish ilinjida” bosqinchilik hujumi uyushtirgan. Hujumda yana bir Galibabin ismli kimsa ishtirok etgan. U ayni vaqtda vafot etgan.

Jinoyatchilar respublika teri kasalliklari dispanserida bosh shifokor sifatida ishlagan Rinat Axmadiyev, uning ayol tanishi va ikki farzandini o‘ldirgach, uydagi ba'zi qimmatbaho narsalarni o‘g‘irlab, izlarni yo‘qotish maqsadida uyni yoqib yuborishgan.

2015 yilning iyunida Mahkamov Sankt-Peterburgga kelganida undan barmoq izlari olingan. Barmoq izlari jinoyat joyida aniqlangan barmoq izlari bilan mos kelgandan keyin, u Qozonga yetkazilgan. Jinoyatchi o‘z aybini tan olgan va o‘zining hamtovoqlari haqida ko‘rsatma bergan.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu shaxslar qotillikni amalga oshirgach, pullarni o‘zaro bo‘lib olishgan va mamlakat hududidan chiqib ketishgan. Bir necha yil davomida ular O‘zbekiston hududida bo‘lishgan. Ular 2010 yilgacha Rossiyaga qaytishmagan. Ulardan biri Galibabin bu vaqt ichida Belarus hududida yuz bergan baxtsiz hodisa natijasida halok bo‘lgan. Ikkinchi jinoyatchi Susanov Mahkamovning ko‘rsatmalaridan keyin Novosibirskda qo‘lga olingan.

Qayd etish kerakki, sud jarayonida prokuror ularga 19 yildan qamoq jazosi berishni so‘ragandi, sud esa yanada qattiqroq hukm chiqardi.

Top