20:11 / 27.03.2016
1573

Samarqandlik yangi rahbarning soxtakorligi ayon bo‘ldi

Erkin Azimov Samarqand viloyati, Tayloq tumanidagi “Pilla” MChJ raisi lavozimiga o‘tirgach, ko‘p o‘tmay bir qancha qing‘irliklarga qo‘l urdi. U aholiga ipak qurti yetkazib berish va davlatga pilla xomashyosini topshirishda o‘z manfaatini barchasidan ustun qo‘ydi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar bermoqda.

Xususan, tumandagi “Davlatobod”, “G‘ulba”, “Tepaqishloq”, “Bog‘izag‘on”, “Elipok”, “Vorsin”, “Jumabozor”, “Olmazor”, “Qo‘shchinor”, “Sohibkor” agrofirmalari hududlarida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarida aslida tayyorlab berilmagan va topshirilmagan 27 ming 225 kg. (qiymati 204 mln. 188ming so‘mlik) pilla mahsulotlarini rasmiy hujjatlarini soxtalashtirib, qabul qilib oladi.

U barcha ma'lumotlarni so‘ralgan joylarga yuboradi. Bu bilan u davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘ladi.

Bundan tashqari, o‘zi bilan ishlovchi xodimlar — tarozibonlar Akram Sharipov, Zoyir Jumayev hamda ombor mudiri Abdusamad Axtamovni aybdor deb ko‘rsatmoqchi bo‘ladi.

Sud tomonidan E.Azimovga nisbatan tegishli huquqiy choralar ko‘rildi.

Top