17:45 / 28.03.2016
7039

O‘zbekistonda diplomatlarning shaxmat musobaqasi bo‘lib o‘tdi

Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabida mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, xorijiy firma va kompaniyalar vakillari o‘rtasida an'anaviy shaxmat turniri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Musobaqaning ochilishida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari D.Hakimov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma'nan yetuk, yuksak intellektual salohiyatli etib voyaga yetkazish, sportning barcha turlari qatori shaxmatni izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotganini alohida ta'kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada AQSh, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Indoneziya, Hindiston, Rossiya, Bangladesh, Vetnam, Gruziya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning elchixonalari, BMT Taraqqiyot dasturi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari o‘zaro kuch sinashdi.

Turnirda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘ringa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, uchinchi o‘ringa esa Afg‘oniston elchixonasi va “Lukoil Uzbekistan Operating Company” mas'uliyati cheklangan jamiyati vakillari sazovor bo‘ldi.

– O‘zbekiston shaxmat maktabining nufuzi tobora yuksalib bormoqda, – deydi Italiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Rikkardo Manara. – Jahon sport arenalarida yuksak natijalarga erishayotgan O‘zbekiston sportchilari safi tobora kengayib borayotgani e'tiborga molik. Mazkur musobaqa xalqlar o‘rtasida do‘stlik va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Turnir doirasida Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lganimizdan xursandmiz. Bu yerda yosh shaxmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar bizda katta taassurot qoldirdi.

Top