Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Osiyo-Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasida o‘zbekistonlik yetti bokschi yarim finalga yo‘l oldi
Xitoyning Kuinan shahrida o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha Osiyo-Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasida yetti bokschimiz chorak final bahslarini o‘z foydasiga hal qildi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
Vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida ringga chiqqan Hasanboy Do‘smatov indoneziyalik Kornelius Kvangu ustidan g‘alaba qozondi. Mustahkam himoya va kuchli texnikaga ega bokschimiz uch raund davomida raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 3:0.
52 kilogrammgacha vazn toifasida Shahobiddin Zoirov yaponiyalik raqibi Ryomey Tanakani, 69 kilogrammgacha og‘irlikdagi bokschilar bahsida Shaxram G‘iyosov Janubiy Koreya vakili Dong-Jin Lini mag‘lubiyatga uchratdi.
Vazni 81 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Elshod Rasulov tojikistonlik Navro‘z Jafoyev ustidan g‘alaba qozondi.
91 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi bellashuvda Rustam To‘laganov Yangi Zelandiya vakili Devid Nyikani mag‘lub etgan bo‘lsa, vazni 91 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan bokschilar o‘rtasida ringga chiqqan Bahodir Jalolov xitoylik Xaypeng Mouni dog‘da qoldirdi.
Xotin-qizlar bahsida qatnashayotgan Yodgoroy Mirzayeva 51 kilogrammgacha vazn toifasidagi bokschilar o‘rtasida Xiang-Mi Rini (KXDR) yengdi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasidan ma'lum qilishicha, har bir vazn toifasida kuchli uchlikka kirgan sportchilar Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Finalchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘lsa, yarim finalda mag‘lubiyatga uchragan bokschilar uchinchi litsenziya uchun o‘zaro bahslashadi.