22:34 / 31.03.2016
1368

FIFA Gretsiyani a'zolikdan mahrum etishi mumkin

Gretsiya futbol federatsiyasi FIFA va UYeFAga a'zolikdan mahrum qilinishi mumkin. Bu haqda Reuters xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, mamlakat futbol federatsiyasi ishiga hukumat tomonidan aralashish bo‘layotgani bunga sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Gretsiya Kubogi doirasida PAOK va «Olimpiakos» jamoalari o‘rtasida kechgan bahs (1:2) davomida muxlislar o‘rtasida janjal kelib chiqqani tufayli hukumat Kubok bahslarini to‘xtatib qo‘yishga qaror qilgandi.

Uchrashuvning oxirgi qismida hakam mehmon jamoa «Olimpiakos» darvozasiga penalti belgilamagan va aksincha mezbon jamoa PAOK futbolchisi Robert Makni maydondan chetlatgan. Shundan so‘ng, muxlislar avval maydonga petarda otganlar, so‘ngra politsiya bilan mushtlashuv boshlagan. Natijada o‘yin yakunlanmay qolgan.

Gretsiya hukumati esa Kubok o‘yinlari qayta o‘tkazilmasligini ma'lum qildi. UYeFA va FIFA bu qarorni bekor qilishni talab qildi va bu talab bajarilmasa federatsiyani chetlatish bilan tahdid etdi.

Hozircha bu talab bajarilmagan va Gretsiya UYeFA va FIFAga a'zolik huquqidan mahrum etilishi mumkin.

FIFAning bu masala bo‘yicha delegatsiyasi rahbari Kostakis Kutsukumnisning ma'lum qilishicha, bu o‘rinda tribunalardagi tartibsizlik bo‘yicha savollar bor. U o‘yinni betaraf maydonda yoki muxlislarsiz tribunada bo‘lsada o‘tkazish mumkinligini aytgan. Uning ta'kidlashicha, turnir albatta yakuniga yetkazilishi kerak.

Top