10:26 / 31.03.2016
1385

«Manchester Siti» kelgusi mavsumda Gvardiolaga kerak bo‘lmagan futbolchilarni sotuvga qo‘ya boshladi

Angliyaning «Manchester Siti» klubi hujumchisi Vilfrid Boni kelgusi mavsumdan boshlab faoliyatini boshqa bir ingliz jamoasi «Vest Hem»da davom ettirishi mumkin.

The Telegraph bergan xabarda yozilishicha, «shaharliklar» 27 yoshli ivuarlik futbolchini sotib yuborishni istamoqda. Futbolchining transfer narxi 20 million funt sterlingga baholangan.

Ammo uning «Vest Hem»ga o‘tishiga Manchesterda oladigan 100 ming funt haftalik maoshi xalaqit qilishi mumkin. Londonliklar buncha miqdordagi oylikni Boniga berishmoqchi emas.

«Vest Hem» Bonidan tashqari «Marsel»dan Mishi Batshuayini sotib olishga ham harakat qilib ko‘radi. Shuningdek klub ro‘yxatidan Kristian Benteke («Liverpul») va Aleksandr Lakasett («Lion») ham o‘rin olishgan.

Eslatib o‘tamiz, «Siti» Bonini o‘tgan yil qishda «Suonsi»dan 30 million funt evaziga sotib olgandi.

Bundan oldinroq, jamoa yetakchilaridan biri Yaya Turening agenti jamoa rahbariyatidan shartnomani uzaytirish borasida taklif bildirilmayotgani, endilikda o‘z mijoziga yangi jamoa qidirishni boshlamoqchi ekani haqida aytib o‘tgandi.

Top