19:52 / 31.03.2016
1553

O‘zbekistonlik 7 nafar bokschi «Rio-2016» yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Xitoyning Kuinan shahrida boks bo‘yicha Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmalari uchun Osiyo va Okeaniya mintaqalarining qo‘shma lisenzion turnirining yarim final bellashuvlari o‘z nihoyasiga yetdi va yana 4 nafar o‘zbekistonlik sportchi Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, -81 kilogramm vazn toifasida Elshod Rasulov qirg‘izistonlik Yerkin Adilbek uluni ikkinchi raundda nokautga uchratib, muddatdan avval g‘alabani qo‘lga kiritdi va shu orqali u musobaqa finali hamda Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma oldi.

-91 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Rustam To‘laganov ham muddatidan avval g‘alaba qozondi. Avstraliyalik Jyeyson Vateleyga qarshi jangda o‘zbekistonlik bokschi ikkinchi raundda raqibini nokautga uchratib, musobaqa finali va Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

+91 kilogramm vazn toifasida eronlik Abdulmajid Sepaxvandiga qarshi jang olib borgan O‘zbekiston vakili Bahodir Jalolov raqibini katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratdi. U ham musobaqa finali va Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, 69 kilogrammgacha og‘irlikdagi charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida Shahram G‘iyosov filippinlik Santos Marsialni mag‘lubiyatga uchratdi.

Bundan avvalroq, Avvalroq Hasanboy Do‘smatov (-49 kilogramm), Yodgoroy Mirzayeva (-51 kilogramm) va Shahobiddin Zoirov (-52 kilogramm) Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olganligi haqida xabar berilgan edi. Shu tariqa, ushbu musobaqada ishtirok etayotgan yetti nafar o‘zbekistonlik bokschining barchasi final va Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Osiyo-Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasida o‘zbekistonlik yetti bokschi yarim finalga yo‘l oldi

Top