12:01 / 03.04.2016
7175

Nima uchun milliy kinochiligimizda tarixiy filmlar yaratilmayapti?

So‘nggi vaqtlarda matbuotimizda milliy kinolarimiz haqida turli fikrlar bildirilgan maqolalar e'lon qilinib, ularda “Nima uchun bizda tarixiy filmlar yaratilmaydi”, degan haqli savol o‘rtaga tashlanmoqda. Fikrlar yaxshi. “Ming asrlar ichra pinhon” tariximiz bobma-bob kinolentalariga muhrlansa, nur ustiga a'lo nur bo‘lardi. Chunki Prezidentimiz ta'kidlab o‘tganlaridek, “Xotirasiz barkamol kishi bo‘lmaganidek, o‘z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo‘lmaydi”.

Bundan bir necha yillar avval “O‘tgan kunlar” kartinasining ikkinchi variantini ko‘rish ishtiyoqi tug‘ildi. Chunki nima uchundir haligacha shu filmni ko‘rmagan edim. Matbuotda ayni shu kino borasida tanqidlar ko‘p bo‘lgani sabab ko‘rishga yuragim dov bermagan edi. Lekin bu gal jur'at qilib ko‘rishga jazm qildim. Ming afsuski, kinofilmlarning CD, DVD disklari sotilayotgan biror bir “nuqtadan” “O‘tgan kunlar”ni topa olmadim. So‘rasam, “spros yo‘q” deyishdi. Xulosa qildimki, demak kartinada Otabek va Kumushlar muhabbati yuzma-yuzaki yoritilgan.

Yana bir narsa, bizda kino, deganda melodrammalar tushunilmoqda, mening nazarimda “O‘tgan kunlar”ning birinchi filmi yaratilayotganda zamon nozik edi, o‘sha vaqtda muallifning ichki dardlarini yuzaga ko‘tarishning iloji yo‘q edi. Endi mustaqillik zamonida adib nimani xohlaganini ekranga olib chiqish kerak. Yozuvchi mavzuni “moziydan, yaqin o‘tgan kunlardan, tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo‘lgan keyingi “xon zamonlari”dan” boshlaganini esdan chiqarish kerak emas. Bir so‘z bilan aytganda Otabek va Kumush sevgisi o‘sha zamon senzurasini chalg‘ituvchi omil bo‘lib, asoson, tarix, to‘g‘rirog‘i xonlik illatlari qalamga olingan. Kitobning “Toshkand ustida qonliq bulutlar”, “Chaqimchilik”, “Qamoq”, “Najot istab Toshkandga”, “Toshkand qamalda”, “Azizbek”, “Xukmnoma”, “Istiqlol dardi”, “Inqilob”, “Bir g‘aribi bechora”, “Musulmonqul”, “Musulmonqul istibdodiga xotima”, “Qipchoqqa qirg‘in” boblarida tariximizning eng kirlik qora kunlari qalamga olingan bo‘lib ana o‘sha tarixiy hodisalar ekran yuzini ko‘rishi kerak.

“Temur va Saroymulkxonim”, degan filmni melodrama sifatida suratga olish nahotki qiyin bo‘lsa?!. Muhammad Alining “Sarbadorlar”, Mirmuhsinning “Xo‘jand qalasi” kabi asarlari “qachon kino bo‘lar ekanmiz”, deb rejissyorlarni kutib yotishibdi. Mirkarim Osim qalamiga mansub “To‘maris”, “Shiroq”, “Jayxun ustida bulutlar”, “Ibn Sino qissasi”, “O‘tror”, “Temur Malik”, Yavdot Ilyosovning “Spitamen”, Mannop Egamberdiyevning “Sariq ajdar hamlasi” kabi asarlaridan nahotki xorijliklar ishlagan “Gladiator”, “Spartak”, “Sheryurak”, “Vatanparvar” singari filmlar yaratib bo‘lmaydi? Bo‘ladi, faqat xoxish bo‘lsa kifoya. Hozircha rejissyorlarimiz ssenariy yo‘q, deb o‘zlarini oqlashdan nariga o‘tishmayapti. Balki, milliy mafkuramizdan asar ham bo‘lmagan “Boyvachcha” kabi kinolarga mablag‘ sarflayotgan homiylar tarixiy filmlarga ham ozgina mablag‘ berishsa, haqiqiy sovg‘a bo‘larmidi?!

Yaratilayotgan har bir kino asarida g‘oya bo‘lishi kerak va milliy mafkuramiz o‘z aksini topishi lozim. Lekin bir martalik filmlarda g‘oya ham, milliy mafkura ham bor, deb aytib bo‘lmaydi. Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar davoni” kabi asarlarini badiiy film qilinishi kerakligini yana bir bor o‘ylab ko‘radigan vaqt yetib keldi.

Yaqinda televideniyeda Amerika hindulari hakida turkum filmlar namoyish qilindi. Ularni tomosha qilar ekanman yoshligimni esladim. Biz o‘shanda oq tanlilarga qarshi kurashayotgan qizil tanli hindularni o‘zimizni siymomizda ko‘rar edik. Axir bizning ajdodlarimiiz ham qachonlardir yovlarga qarshi xuddi hindulardek kurash olib borishgan ediku?! O‘qituvchilarimiz “bosmachilar”ga bag‘ishlangan kinolarni ham diqqat bilan tomosha qilishimizni maslahat berardi. Chunki ularda yashirin o‘xshatishlar borligini bot-bot eslatishardi. Odamlarni “bosmachi” deb sudsiz so‘roqsiz otayotgan qizillar hamisha ham xaq emasligini ichki bir xissiyot bilan sezardik.

Yana bir mulohaza. Rus xalq ertaklarining deyarli xammasi film qilingan. Bizda esa “Semurg‘”dan boshqa biror bir ertak kino qilinganini bilmaymiz. Bolalarni o‘ylab xalq og‘zaki ijodlarini ham film qilish kerak. Buning uchun ertaklarimiz sonmingta-ku!. Qachongacha bolalarimizga o‘zga millat qahramonlarini o‘rnak qilib ko‘rsatamiz? Milliy mafkurani yoshlikdan farzandlarimizga singdirish kerak. Yoshlarga “Romeo va Juletto”ni targ‘ib qilgandan ko‘ra, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”ni ular ongiga kiritish kerakdir. San'atning boshqa turlarini kamsitmagan holda, bugungi kunda televideniye va kino san'atining ta'sir kuchi benihoya yuksalib borayotganini qayd etish lozim. Shuning uchun, mening nazarimda, kichkintoy bolalarimiz uchun milliy ruhdagi ko‘plab multfilmlar, badiiy va videofilmlar yaratish zarur. Toki farzandlarimiz faqat Uolt Disney qahramonlarinigina bilib-tanib qolmasdan, o‘zbek xalq ertaklarini, milliy qahramonlarimizni ham tanisin-bilsin, ular bilan iftixor qilishga odatlansin”.

So‘nggi so‘z o‘rnida, keyingi yillarda kino sanatimizda jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotganligidan ko‘z yumishimiz adolatdan emasligini ta'kidlab o‘tmoqchimiz. O‘zgarishlar jarayoni kishini quvontirishi shubhasiz.

Sharofiddin To‘laganov

Top