20:45 / 06.04.2016
8494

2016 yilda bitiruvchilar bandligini ta'minlash to‘rt tomonlama shartnoma asosida amalga oshirilmoqda

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan videoseminarda yoshlarni ishga joylashtirish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Bandlik va mehnatni muhofaza qilish respublika ilmiy markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda kasb-hunar kollejlari rahbarlari, o‘qituvchilar, ish beruvchi korxonalar vakillari, o‘quvchilar ishtirok etdi.

Universitet prorektori I.Ahmedov, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni ta'minlash boshqarmasi boshlig‘i A.Rahmonov va boshqalar ta'lim bilan amaliyotning uzviy olib borilayotgani zamonaviy bilim va ishlab chiqarish ko‘nikmasiga ega yosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilayotganini ta'kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 10 martdagi «Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida o‘tgan o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarini tamomlagan 482 mingdan ziyod o‘g‘il-qizning to‘qson to‘rt foizi ishga joylashgan. 13 mingdan ziyod yosh tadbirkor tijorat banklaridan 142 milliard so‘m imtiyozli kredit olib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan.

Joriy o‘quv yilidan bitiruvchilar bandligini ta'minlash to‘rt tomonlama shartnoma («korxona – kollej – bitiruvchi – hokimlik») asosida amalga oshirilmoqda. Bitiruvchilar uchun 300 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar imtiyozli ravishda berilishi rejalashtirilmoqda.

Endilikda tuman, shahar va viloyat hokimliklari huzurida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta'minlash, ularni ishga joylashtirish shtabi faoliyat ko‘rsatadi. Har yili kasb-hunar kollejlari va litseylarga qabul rejasini ishlab chiqishda 3-4 yildan so‘ng tuman, shahar va viloyatlar hududida qanday yangi obektlar ishga tushirilishi, ularda mehnat qilish uchun qaysi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar kerakligi hisobga olinadi.

Top