18:19 / 06.04.2016
1711

Toshkentda boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari yetakchilarining respublika forumi o‘tkazildi

Poytaxtimizda boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari yetakchilarining respublika forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

«Boshlang‘ich tashkilot – kasaba uyushma harakatining asosi» shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda tarmoq va hududiy kasaba uyushmalari, turli korxona va tashkilotlarning boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari rahbarlari va faollari qatnashdi.

Bugungi kunda korxona, tashkilot va muassasalarda 37 ming 457 boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti faoliyat ko‘rsatib, unda 6 million 200 mingdan ortiq kasaba uyushma a'zosining ijtimoiy-iqtisodiy manfaati va mehnat huquqi himoyalanmoqda.

– Korxonamizda 3 ming 230 kishi ishlaydi, – deydi Olmaliq shahridagi «Ammofos-Maksam» aksiyadorlik jamiyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Maxsutali Mamatov. – Xodimlarning mehnat muhofazasi, ijtimoiy himoyasi va salomatligini mustahkamlash bo‘yicha kasaba uyushmasi qo‘mitasi yuridik va buxgalteriya bo‘limlari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Bu qulay va xavfsiz ish sharoitlarini yaratish, xodimlar uchun ijtimoiy-maishiy imtiyozlar belgilash, ularga moddiy ko‘mak ko‘rsatish, o‘zi va oila a'zolarini sog‘lomlashtirishda kutilgan ijobiy natijalarni bermoqda.

Forumda boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha 2016-2017 yillarga mo‘ljallangan dastur qabul qilindi.

Top