13:39 / 07.04.2016
1945

Eng ilg‘or tashabbuskorlar aniqlandi

20 yildan buyon Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinadi. Bu yil ham poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi yakunlandi. Bu haqda uza.uz sayti xabar berdi.

Tanlovda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida, ichki bozorni sifatli tovar va xizmatlar bilan to‘ldirish, aholi farovonligini yuksaltirish hamda bandligini ta'minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik nechog‘li muhim o‘rin tutishi namoyon bo‘ldi.

Joriy yilda ushbu tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 7 ming 700 dan ziyod tadbirkor, fermer va hunarmand qatnashdi. Ularning 540 nafardan ortig‘i hududiy bosqichlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Hakamlarning yuqori baholariga sazovor bo‘lgan 41 ishtirokchi “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

“Turkiston” saroyida tashkil etilgan ekspozitsiyada oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiyot preparatlari, maishiy texnika, liboslar, mebel mahsulotlari, zargarlik bezaklari, gilamlar, qurilish materiallari va boshqa ko‘plab mahsulotlar taqdim etildi. Har bir eksponent stendida tadbirkorlik faoliyatining yutuqlari va imkoniyatlari namoyish qilindi.

G‘oliblar uchta asosiy – «Yilning eng yaxshi tadbirkori», «Yilning eng yaxshi fermeri» va «Yilning eng yaxshi hunarmandi» yo‘nalishlari, shuningdek, «Yilning eng yosh tadbirkori», «Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli», «Eng yaxshi innovatsion loyiha», «Yoshlar uchun eng ko‘p ish o‘rinlari tashkil qilgan tadbirkor», «Mening Vatanim – mening faxrim», «Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi», «Oziq-ovqat sanoatida yilning eng yaxshi tadbirkori», «Yilning eng yaxshi mahsuloti», «Yilning eng yaxshi eksportchisi» va «Eng yaxshi mas'uliyatli ijtimoiy sherik» kabi qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha aniqlandi.

“Yilning eng yaxshi tadbirkori” nominatsiyasida Namangan viloyatidan “Aisha Home Textile” qo‘shma korxonasi rahbari Jobir Kamoliddinov g‘olib bo‘ldi. Mazkur korxona to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Toshkent viloyatidan Ismatilla Dadaboyev “Yilning eng yaxshi fermeri” deb topildi. Uning rahbarligidagi xo‘jalikda paxta va g‘alla yetishtiriladi, qoramol va parranda parvarish qilinadi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qayta ishlanadi.

Toshkent shahridan Madina Qosimboyeva “Yilning eng yaxshi hunarmandi”, deb e'lon qilindi. U kashtachilik va so‘zana mahsulotlari ishlab chiqaradi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov ishtirok etdi.

Top