Texnologiya | 22:40 / 07.04.2016
2291
2 daqiqa o‘qiladi

Mazda’ning yangi krossoveri tafsilotlari ma'lum bo‘ldi

Internetda Mazda’ning CX-4 deb nomlanuvchi yangi krossoveri haqidagi tafsilotlar paydo bo‘ldi. Aprel oxirida Pekindagi avtosalonda taqdimoti bo‘lib o‘tadigan modelning ko‘rsatkichlari Xitoyning Auto.163.com saytida chop etildi.

CX-4’ning gabarit uzunligi 4633 millimetr, eni 1840 millimetr, balandligi esa 1535 millimetrni tashkil qiladi. G‘ildiraklar bazasi 2700 millimetrga teng. Shu tariqa, yangi yo‘ltanlamas CX-5’dan 78 mm uzunroq va 175 mm pastroq bo‘ladi. Shu bilan birga modellarning g‘ildiraklar bazasi bir xil o‘lchamda bo‘ladi.

Yangi mashina uchun 2,0 va 2,5 litrli ikkita dvigatel taklif qilinadi. Birinchi dvigatelning quvvati 157 ot kuchini, ikkinchisiniki esa 191 ot kuchini tashkil qiladi. Ikkala motor ham 6 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan juftlikda ishlaydi. Model to‘liq privodli bo‘ladi.

Saytda aniqlashlaricha, yo‘ltanlamasning 2,0 litrli dvigetalga ega versiyasi uchun 17 dyuymli, 2,5 litrli dvigatellisi uchun 19 dyuymli g‘ildiraklar diski taklif qilinadi.

Mazda kompaniyasi CX-4’ning birinchi tizerini mart o‘rtasida chop etgandi. O‘shanda kompaniya model "SkyActive texnologiyasining to‘liq to‘plamini" olishini ta'kidlab o‘tgandi. Keyinroq yapon kompaniyasi yangi krossoverini faqatgina Xitoyda ishlab chiqarib, shu yerning o‘zida sotishi ma'lum bo‘lgandi.