21:19 / 07.04.2016
1591

Mingbuloqda xodimlarning haqini o‘margan kollej hisobchisi jinoiy javobgarlikka tortildi

Azamat Nurullayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Mingbuloqdagi kasb-hunar kollejlaridan birida bosh hisobchi bo‘lib ishlardi. Million so‘m pullar qo‘lidan o‘tgani uchun ular aqlini oldimi yoki oradan ikki uch yil o‘tib “tajribasi oshdi”mi, xullas, 2014 yilning mart oyidan boshlab uning ko‘ngliga egrilik oralay boshlaydi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar bermoqda.

2015 yilning fevral oyida 8 nafar ishchi-xodimning ish haqlaridan ularning plastik kartalariga 2 mln. 108 ming so‘m kam tushirib, bu pullarni kollej xodimlari O.Abdullayeva hamda G.Asqarovaning plastik kartalariga yo‘naltirib, o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatadi.

Bundan tashqari, 2015 yil aprel oyida byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Mingbuloq tuman bo‘limiga shu oyda hisoblangan pensiya va nafaqalarga 1 mln. so‘m ortiqcha talabnoma berib, mazkur talabnoma asosida moliyalashtirilgan mablag‘ni yana bir xodim K.Valiyev nomidagi plastik kartaga o‘tkazadi-yu, amalda o‘zi ishlatib yuboradi.

2013-2014 o‘quv yilida kollejda tahsil olgan sobiq talaba D.Omonov nomidagi plastik kartaga asossiz ravishda 2015 yil aprel oyida 902 ming so‘m chin yetim nafaqa puli, 2014 yil sentabr oyida o‘zining plastik kartasiga 510 ming so‘m, 2014 yil dekabr oyida 65 ming so‘m ortiqcha pul tushirib, bu mablag‘ni ham “jig‘ildoniga uradi”.

Huquni muhofaza qiluvchi organlarning sa'y-harakati bilan uning qilmishlariga chek qo‘yildi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan javobgarlikka tortildi.

Top