18:43 / 10.04.2016
1792

Uch bolaning qotili sud tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm etildi

Qo‘lida biror hunarning tayini bo‘lmagan Jabbor avval duch kelgan ishda ishlab yurdi. Oxirgi ish joyi — choyxona yopilib ketgach, ko‘chada qoldi. Qo‘shnisi Salim akaning yordami bilan fermer xo‘jaligiga ishga joylashdi. Shu tariqa u cho‘ponlik qilib yurdi. Bu haqda “Darakchi” nashri yozmoqda.

Otarda undan tashqari yana bir cho‘pon bor: Qosim yozda to‘rtta bolasi bilan shu yaylovga o‘tov qurib, ko‘chib kelgan. Gohida Qosimning xiyla erinchoqligi, o‘z ishining ham sherigiga oshirishi ba'zida uni o‘ta darajada jahlini chiqarardi.

O‘sha kuni ertalab Qosim sherigini barvaqt uyg‘otib, poda boqishga jo‘natdi. O‘zi esa o‘tovda oilasining yonida qoldi. Bu esa Jabborning hamiyatiga tegdi. O‘sha kuni ular o‘rtasida dahanaki janjal ham bo‘lib o‘tdi.

Qosh qoraygan mahalda Jabbor raqibidan o‘ch olish uchun o‘tovi tarafiga yo‘l oldi. O‘tovdan Qosimning farzandlari Ravshan, Mohira, va Malikaning sho‘x-shodon ovozlari eshitilib turardi. Jabbor o‘zini panaga oldi va oila a'zolarining uyquga ketishini kuta boshladi.

Tongga yaqin hamma dong qotib yotgan mahalda Jabbor o‘tovdan ichkariga kirdi va mast uyqudagi Qosimning bo‘yniga o‘zi bilan olib kirgan pichoqni sanchdi. Sho‘rlik Qosim uyqisidayoq jon taslim qildi.

Jabbor bilmasdan ostida yotgan Malikaning oyog‘ini bosib oldi. Butkul aqlini yo‘qotgan qotil qilmishi fosh bo‘lishidan qo‘rqib, bechora qizchaga ham bir necha bor pichoq sanchdi. Undan keyin uyg‘onib, bu dahshatga guvoh bo‘lgan Mohirani, tashqaridan mol sog‘ib o‘tovga qaytayotgan Ravshanni ham shu taxlit vahshiyona o‘ldirdi.

Sud hukmiga binoan Jabbor Malikov o‘ta xavfli jinoyatchi deb topildi va qat'iy tartibli koloniyada umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi.

Top